Google va Microsoft kompaniyasining sobiq muhandisi Neyt Soares sun’iy intellekt tufayli insoniyatning yo‘q bo‘lib ketish ehtimolini baholadi. Uning so‘zlaridan The Times gazetasi iqtibos keltirgan.
Soaresning qayd etishicha, bu ehtimollik “kamida 95%"ni tashkil etadi. Agar odamlar sun’iy intellektni hozirgi sur’atda rivojlantirishda davom etsa, bunday yuqori ko‘rsatkich saqlanib qoladi.
Xavfsiz sun’iy intellekt yaratish va texnologik jarayonning potensial xavflarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Soares hozirgi vaziyatni jarlikka qarab katta tezlikda ketayotgan mashinaga qiyosladi.
“Men mashinani to‘xtata olmaymiz, demoqchi emasman. Lekin biz bor-yo‘g‘imiz bilan jarlikka qarab ketyapmiz”, — dedi Soares.
Times neyron tarmoqlar biologik qurol yaratib, uning yordamida yirik shaharlarni zararlashi mumkin bo‘lgan ssenariylardan birini tasvirlab bermoqda.
Nashrning yozishicha, sun’iy intellekt rivojlanishning boshlang‘ich bosqichida bo‘lib, uni tor yoki zaif sun’iy intellekt deb ta’riflash mumkin. Biroq, maqolada aytilganidek, ba’zi ekspertlarning fikricha, u keyingi 12 oy ichida umumiy yoki kuchli sun’iy intellektga aylanishi mumkin, bu esa unga inson kabi fikrlash imkonini beradi.
Muayyan vaqtda uning o‘rnini sun’iy superintellekt egallashi mumkin, shunda kompyuterlar saraton kasalligini davolash yoki galaktikalararo parvozlar kabi insoniyat faqat orzu qilishi mumkin bo‘lgan vazifalarni hal qila oladi.
Bunday ssenariyda sun’iy intellekt insoniyatni o‘ziga xalaqit berayotgandek qabul qila boshlashi ehtimoli yo‘q emas.
Soaresning fikricha, zamonaviy sun’iy intellekt mustaqil ravishda o‘rganish va qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun potensial xavf tug‘diradi va nazorat qilinishini talab etadi.
“Siz aqlli kompyuterlarni ular nima qilayotgani haqida hech qanday tasavvurga ega bo‘lmasdan ham yaratishingiz mumkin. Siz ulkan hisoblash quvvatini olib, uni haqiqatan ham juda katta hajmdagi ma’lumotlarga shunday qo‘llaysizki, bu qandaydir tarzda kompyuterlarni o‘zgartiradi. Bu qurilmalarning ichida nima sodir bo‘layotganini hech kim bilmaydi” — deb uning so‘zlarini keltiradi The Times.
Nashrning ta’kidlashicha, Soaresning ssenariysi baribir juda salbiy hisoblanadi. Masalan, PauseAI harakati ijrochi direktori Xolli Elmor sun’iy intellekt tufayli insoniyatning halok bo‘lish ehtimolini, ya’ni “P (doom)” deb ataladigan ko‘rsatkichni, 15−20% atrofida baholaydi.
Amerikalik milliarder Ilon Mask ham 20%lik ehtimol haqida gapiradi, Google korporatsiyasi bosh direktori Sundar Pichai esa bu ko‘rsatkichni 10% deb hisoblaydi.
Avvalroq Spot sun’iy intellekt tufayli qanday kasblar yo‘qolib ketishi mumkinligi haqida yozgandi.
Ular orasida tarjimonlar, tarixchilar, jurnalistlar, yozuvchilar, styuardessalar, modellar, matematiklar, konserjlar va boshqa intellektual va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari bor.