Avvalroq Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.

Hujjat bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:

  • suvni muhofaza qilish va sohilbo‘yi mintaqasiga doir talablarga rioya qilinishi;
  • muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suvni muhofaza qilish va sanitariya zonalarida qurilish olib bormaslik;
  • Chorvoq suv omboriga oqova suvlarni tashlashga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatadi.

Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda Chorvoq suv omborining akvatoriyasiga, uning muhofaza zonasi ustidan doimiy va har tomonlama nazoratni ta’minlashi shart.

Chora-tadbirlar suv havzasiga maishiy, sanoat chiqindilari va oqova suvlar tashlanishining oldini olishga, sanitariya-ekologik me’yorlarga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan. Hujjatda ifloslanishni bartaraf etish va mintaqada qulay ekologik vaziyatni saqlab qolish bo‘yicha “qat'iy choralar” ko‘rish ham belgilangan.

Kadastr agentligi bilan hamkorlikda Chorvoq suv ombori hududidagi yangi bino va inshootlar xatlovdan o‘tkaziladi. Ekologik talablarga javob bermaydigan obyektlar aniqlangan taqdirda, aybdorlarga nisbatan qonunda belgilangan choralarni ko‘rish va aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish topshirildi.

Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi umummavsumiy kurort hududidagi mavjud daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Uning natijalariga ko‘ra, ajratilgan maydonlarda joylashgan yashil maydonlar uch toifaga ajratiladi — qimmatbaho, kam qimmatli va nobud bo‘lgan.

Xususan, developerga quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • qimmatbaho daraxtlarni umummavsumiy kurort loyihasi doirasida tashkil etilayotgan yashil zonalarga yoki o‘rmon fondining boshqa yerlariga ko‘chirishga;
  • kam qimmatli daraxtlarni boshqa hududlarga ko‘chirish yoki daraxt kesganlik uchun to‘lov o‘rniga bir tup kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiya sifatida tuproq-iqlim sharoitlariga mos 5−7 yillik 10 tup ko‘chat ekish;
  • nobud bo‘lgan daraxtlarni belgilangan tartibda kesish.

Kesilgan daraxtlar kompensatsiyasi

Iyul oyida Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov O‘zbekistonda 2022-yildan beri amalda bo‘lgan daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriyni bekor qilishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda quruvchilar qurilish maydonlari hududidagi daraxtlar masalasini mustaqil ravishda hal qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, moratoriy amal qilishiga qaramay, daraxtlar “har qanday yo‘llar bilan” kesilmoqda.

“Kelinglar har bir qurilish kompaniyasi yoki uchinchi shaxslar o‘zlarining „daraxtlar banki“ ustida ishlasin. Biz bo‘lajak qurilish ishlarining hajmini va kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlar sonini oldindan bilamiz. Shuning uchun kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini oldindan ekib, hokimliklar balansiga o‘tkazish mumkin. Bu bilan uchinchi shaxslar ham shug‘ullanishi mumkin, ular keyinchalik ekilgan daraxtlarni quruvchilarga sotadi. Natijada daraxt ekishga ham investitsiya sifatida qarash boshlanadi”, — dedi Murod Nazarov.

Developerning tushuntirishicha, bu har bir tumanda alohida amalga oshirilishi kerak. Masalan, Mirobod tumanida daraxtlar kesilsa, yangi daraxtlarni ekish ham aynan shu tumanda amalga oshirilishi va keyinchalik hokimlik balansiga o‘tkazilishi kerak. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning bu tizim ishlaydimi, degan savoliga Nazarov “shundog‘am kesilyapti”, deb javob berdi.

Ekologiya vazirligi Murod Nazarovning daraxtlarni kesishga moratoriyni bekor qilish va “daraxt banklari"ni tashkil etish taklifiga qarshi chiqdi. Karbonat angidridni yutish va mikroiqlimni saqlash uchun katta yoshli daraxtlarning ahamiyati, shuningdek, kompensatsion ekishda korrupsiya xavfi qayd etildi.

Vazirlik daraxtlarni kesishga moratoriyni kuchaytirish va yashil maydonlarni saqlab qolish tarafdori. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni daraxtlarni kesishga yondashuvlar bo‘yicha “har tomonlama tekshiruv” o‘tkazishga chaqirildi.

“Umid qilamizki, ushbu o‘rganish natijalari uning avvalgi faoliyati haqida tegishli xulosalar olish imkonini beradi,” — deyiladi xabarda.

Avvalroq Spot Chorvoqdagi Sea Breeze dam olish maskani loyiha-smeta hujjatlari yakunlangunga qadar qurilishi boshlanishi haqida yozgandi.