Kiberxavfsizlik sohasida faoliyat yurituvchi Malwarebytes kompaniyasi global tadqiqot o‘tkazdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, iPhone egalarining onlayn tahdidlarga duch kelish ehtimoli Android foydalanuvchilariga nisbatan yuqoriroq ekanligi aniqlandi.

So‘rovnomada AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya va Shveytsariyadan 1300 nafar katta yoshli fuqarolar ishtirok etdi.

Ko‘plab iPhone egalari qo‘shimcha himoya choralarini ko‘rmasdan, Apple brendining obro‘si va o‘rnatilgan xavfsizlik funksiyalariga tayanadi, deydi ekspertlar.

Bu ularni zamonaviy tahdidlar — fishingdan tortib infostillerlargacha bo‘lgan tahdidlar oldida ayniqsa zaif qiladi.

“Hozir matnli xabarlar va qidiruv natijalaridan tortib, elektron xatlardagi ilovalar va havolalargacha bo‘lgan barcha narsalarga shubha bilan qarash kerak. Faqat shu yo‘l bilangina o‘zingni ehtiyot qilish mumkin”, — dedi Malwarebytes mahsulotlari bo‘yicha vitse-prezidenti Maykl Shervud.

Tadqiqotning asosiy xulosalari:

  • iPhone egalarining 53%i, Android foydalanuvchilarining 48%i firibgarlik qurboniga aylangan;
  • Android foydalanuvchilarining 29%i mobil telefonlarida xavfsizlik dasturiy ta’minotidan foydalanishini aytdi va iPhone egalarining atigi 21%i;
  • Android foydalanuvchilarining 41%i akkauntlar uchun noyob parollardan foydalanadi, iOS foydalanuvchilari orasida esa bunday parollar atigi 35%ni tashkil qiladi;
  • iPhone egalarining 47%i jozibador narx tufayli shubhali do‘konlardan mahsulotlarni sotib olgan, Android foydalanuvchilarining 40%i.

Mutaxassislarning qayd etishicha, operatsion tizim xavfsizligiga bo‘lgan ishonch xavfli xatti-harakatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar o‘z qurilmalarini himoya qilish uchun ko‘p ish qilayotgan bo‘lsalar-da, ularning hech biri mutlaq ishonchlilikni kafolatlay olmaydi.

Malwarebytes kompaniyasi raqamli gigiyena birinchi navbatda foydalanuvchining o‘ziga bog‘liq bo‘ladi deb hisoblaydi.


Avvalroq Spot iPhone suratlar va videolardagi tadbirlarni aniqlay oladigan bo‘lishi haqida yozgandi.

Tegishli ilova foydalanuvchi konsert, festival, sport musobaqasida olgan surat yoki video qanday tadbir ekanligini aniqlab, kontent ostidagi tavsifda foydali ma’lumotlarni to‘plashi mumkin.