Avvalroq Spot Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan shartlar asosida Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasi bilan investitsiya shartnomasini tuzish topshirildi.

Investorning asosiy majburiyatidan biri ekologik talablarga rioya qilish, shu jumladan, loyihani amalga oshirish davrida va ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarning Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, oqova suvlarni Chirchiq shahri oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish hisoblanadi.

Ushbu talabga rioya etmaslik loyihani to‘xtatishga va yerga bo‘lgan ijara huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi.

Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • umummavsumiy kurort loyihasi doirasida tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqish;
  • istisno tariqasida, 2029-yil 31-dekabrga qadar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirish;
  • loyiha hududini rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga bo‘lgan talablarni mustaqil ravishda belgilash va tasdiqlash;
  • loyiha hududida barpo etiladigan obyektlarga qo‘yiladigan asosiy talablarni mustaqil belgilash;
  • kommunal boshqaruv, investitsiya faoliyati, marketing, baholash, geologiya-qidiruv, topografik suratga olish, binolar va inshootlarning texnik holatini tekshirish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • umummavsumiy kurort hududida iste’molchilarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar tariflarini hukumat bilan kelishgan holda belgilash;
  • umummavsumiy kurort qurilishi davrida investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hamda transport infratuzilmasi va yordamchi inshootlarni qurish;
  • tasdiqlangan master-reja asosida yer uchastkalarini lotlarga bo‘lgan holda, har bir yer uchastkasi uchun o‘z huquq va majburiyatlarini notarial tartibda kelishiladigan shartlar asosida hamda O‘zbekistonning Yer kodeksida belgilangan tartibda boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish).

Sea Breeze Uzbekistan yetakchi xorijiy va milliy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda “rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar va ekologik talablar” asosida umummavsumiy kurort hududini rivojlantirish bo‘yicha master-rejalar, tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqadi.

Developerga umummavsumiy kurort hududida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib borish, salohiyatli investorlarni tanlash, ular bilan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilovchi bitimlar tuzish va ularning ijrosini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Yana bir vazifa — umummavsumiy kurort hududida loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida texnik shartlarga amal qilish to‘g‘risida bitimlar tuzish va ularning ijrosini monitoring qilish.

Hukumat Sea Breeze Uzbekistan’ga “zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha katta tajribaga ega mahalliy va xorijiy kompaniyalarni” jalb qilish va ularga zamonaviy usublar, energiya-tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berish majburiyatini yuklaydi.

Qurilishga salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish uchun barcha mavsumiy kurort majmuasi loyihasi mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilinadi.

Shuningdek, Sea Breeze Uzbekistan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini qurish uchun infratuzilma yig‘imini to‘lashi kerak.

Toshkent viloyati hokimligiga investor bilan birgalikda loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar tugatilganidan keyin ularni bo‘sh yerlar sifatida hisobga olish topshirildi. Bo‘stonli tumani hokimligi va Sea Breeze Uzbekistan o‘rtasida Vazirlar Mahkamasi qarori va investitsiya bitimida nazarda tutilgan shartlarda yer ijara shartnomalari tuzilishi kerak.

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararlar Toshkent viloyati mahalliy budjetiga Sea Breeze Uzbekistan tomonidan ajratiladigan $5 mln miqdoridagi mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. Mavsumiy kurort majmuasining umumiy maydoni — 577 gektar.

“Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasiga ikki hafta muddatda Sea Breeze Uzbekistan’ga erkin turistik zona ishtirokchisi maqomini berish topshirildi.

Avvalroq Toshkentdan Chorvoqqa yangi avtomobil yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi. Transport vazirining aytishicha, loyiha hozirgi mavjud yo‘lga teginmagan holda amalga oshiriladi.