Vazirlar Mahkamasi Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasining Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar yer maydonida $5 mlrdlik umummavsumiy kurort majmuasini qurish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifini eng yaxshi deb topdi.
Loyihaning bosh rejasini ishlab chiqishga Buyuk Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb qilingan.
Toshkent viloyati hokimligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ro‘yxati quyida keltirilgan yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari va ijarachilarining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini bosqichma-bosqich bekor qilish, ularni tuman hokimligi tasarrufidagi bo‘sh turgan yer uchastkalari sifatida hisobga olish hamda yer toifasini o‘zgartirish maqsadida Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga kiritish topshirildi.
Sea Breeze Uzbekistan qo‘shma korxonasiga Bo‘stonliq tumani hududidan 577 gektar yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Ijara muddati yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor huquq bilan 25 yilni tashkil etadi. Loyiha 2025−2035 yillar oralig‘ida amalga oshiriladi.
Tashkilot 577 gektar yer uchastkasini 25 yilga ijaraga berishning bozor narxini 1,7 trln so‘mga baholagan. Biroq, 0,01 ga kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilgandan so‘ng, yakuniy summa 17 mlrd so‘mni tashkil etadi, ijaraga oluvchiga uni 5 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Tasdiqlangan master-reja asosida yer maydonlarini lotlarga ajratish rejalashtirilgan. Har bir uchastkada O‘zbekiston Yer kodeksida belgilangan tartibda kelishilgan shartlar asosida o‘z shartnoma va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat etiladi.
Bundan oldin ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev hukumat Chorvoq suv ombori qirg‘og‘idagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasiga ekologik talablarni belgilashini ma’lum qilgandi.
Sea Breeze Uzbekistan
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.
Joriy yilning iyun oyida IV Toshkent Xalqaro investitsiya forumi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Agalarov Development kompaniyasi o‘rtasida qiymati $5 mlrdlik kelishuv imzoladi.
Undan keyin Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.
Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.
Avvalroq Toshkentdan Chorvoqqa yangi avtomobil yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi. Transport vazirining aytishicha, loyiha hozirgi mavjud yo‘lga teginmagan holda amalga oshiriladi.