O‘zbekistonda iyul oyida iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 279 ta holat aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga jami 96,86 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bunda 27,1 mln kVt soat elektr energiyasi (54,9 mlrd so‘m) va 12,6 mln metr kub tabiiy gaz (41,1 mlrd so‘m) talon-toroj qilingan.

Iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 485 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.

Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.


Avvalroqw Spot Farg‘onada 6 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Qo‘qon shahridagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sexida 2,1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.