Samarqand viloyatida Nurobod texnoparki maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Qaror bilan tumanda investitsiya muhitini yana-da yaxshilash va sanoatni rivojlantirishning 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan, yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga jami $1,1 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.
Shuningdek, yuqori texnologiyali zamonaviy va sifatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish orqali 5,1 ming doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Nurobod tumani Sazag‘on massividagi bo‘sh turgan 115,3 gektar yer uchastkasi Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududidan chiqariladi va ushbu hududda Nurobod texnoparki maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.
Maxsus sanoat zonasini boshqarish uchun New Vision Investment Development xorijiy kompaniyasi tashkil etilgan. Shuningdek, sanoat zonasida ishlab chiqarish binolarini ko‘p qavatli (3−4 qavat) qilib qurish nazarda tutilgan.
Iyul oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatidagi islohotlar natijadorligi va yangi rejalar borasidagi taqdimot bilan tanishgandi. Unda Nurobod tumanida maxsus sanoat zonasini yaratish taklif qilingani aytilgandi.
Spot, avvalroq, Chilonzor sanoat zonasida yangi ishlab chiqarish korpusi va monomarkaz qurilishi haqida yozgandi. Natijada hududda yana 100 ta yangi loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 3 mingta ish o‘rni yaratiladi.