O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Qurilish obyektlarida QR-kodli pasport o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi” nizom Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylandi.
Nizomda QR-kodli pasport hududiy nazorat inspeksiyalardan ro‘yxatdan o‘tgan kunda buyurtmachi tomonidan obyektning kirish qismiga yoki barcha uchun ko‘rinadigan joyda o‘rnatilishi qayd etilmoqda.
QR-kodli pasportda quyidagi ma‘lumotlar mavjud bo‘lishi lozim:
- obyekt nomi va manzili;
- buyurtmachi tashkiloti nomi;
- loyiha tashkiloti nomi;
- pudratchi tashkiloti nomi;
- buyurtmachining texnik nazoratchisi familiyasi, ismi, sharifi va xizmat telefon raqamlari;
- loyihachining mualliflik nazoratchisi familiyasi, ismi, sharifi va xizmat telefon raqamlari;
- pudratchining ichki nazoratchisi familiyasi, ismi, sharifi va xizmat telefon raqamlari;
- qurilish muddati (boshlangan sana va yakunlash sanasi);
- obyektning umumiy ko‘rinishlari;
- obyektning qirqimi;
- obyektning bosh tarxi;
- obyektning bosh tarxi qaydnomasi;
- QR-kod (“Shaffof qurilish” axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” platformasidagi havolasi);
- hududiy nazorat inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tgan sanasi va raqami.
QR-kodli pasport hududiy nazorat inspeksiyalaridan ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab, obyekt foydalanishga topshirilgunga qadar amalda bo‘lishi va taqdim etilishi shart. Pasportdagi ma‘lumotlar davlat tilida bayon etilishi lozim.
QR-kodli pasport tashqi ta‘sirlar natijasida yaroqsiz holga kelib, QR-kod orqali ma‘lumotlarni o‘qish yoki ko‘rish imkoni bo‘lmasa, u yangilanib, qayta tiklanishi lozim. QR-kodda quyidagi ma‘lumotlarni aks ettiruvchi havola bo‘lishi lozim:
- obyekt nomi va manzili haqidagi ma‘lumotlar;
- buyurtmachining nomi;
- loyihachining nomi;
- pudratchining nomi;
- obyekt qurilishining boshlanish va yakunlanish sanalari.
- quyidagilarni yuklab olish imkoni bilan:
- shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi raqami va sanasi;
- qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi ko‘chirma raqami va sanasi;
- shaharsozlik hujjatlarining ekspertiza xulosasi raqami va sanasi.
Joriy yilning aprel oyida qabul qilingan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat nazoratini tashkil etish bo‘yicha prezident farmonida 1-sentabrdan boshlab qurilish obyektlarining QR-kodli pasporti joriy etilishi belgilangan edi.
Avvalroq Spot hukumatga qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ishlar yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgani haqida yozgan edi. Senatorlar ko‘p qavatli uylarga yaqin joylarda o‘zboshimcha qurilishlarni oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar yetarli emasligini ta’kidladi.