O‘zbekiston AQShdan paxta import qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik delegatsiyasi 23−29-iyul kunlari Made in Uzbekistan brendi ostida mahalliy mahsulotlarni targ‘ib qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida Qo‘shma Shtatlarga tashrif buyurdi.
Uning doirasida Texworld NYC, Apparel Sourcing USA va Home Textiles Sourcing Expo xalqaro ko‘rgazmalari tashkil etilib, unda Bunzl plc, Levi Strauss & Co., PVH Corp., G-III Apparel Group, Kontoor Brands, American Eagle Outfitters, Tapestry Inc., Macy’s, American Apparel & Footwear Association (AAFA), United States Fashion Industry Association (USFIA), Oritain va boshqa kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonning 25 ta mahalliy to‘qimachilik korxonasi ishlab chiqaruvchilarni AQSh bozoriga chiqarish va sourcing mexanizmi asosida buyurtmalar joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qilindi.
Bundan tashqari, delegatsiya vakillari AQSh Savdo vazirligi bilan uchrashuv o‘tkazib, unda savdo to‘siqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Tomonlar o‘zbek mahsulotlarini, jumladan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amazon, Walmart, Whole Foods Market, Bloomingdale‘s va The Home Depot kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Shuningdek, AQSh Savdo vazirligi huzuridagi CLDP (Savdo huquqini rivojlantirish dasturi) vakillari bilan bo‘lgan muzokaralarda o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun AQSh standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo‘yicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishildi.
AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta Assotsiatsiyasi bilan kechgan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va Made from U.S. Cotton tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Avvalroq Spot AQSh va Yevropa Ittifoqi import bojlarini o‘zaro kamaytirishga kelishib olgani haqida yozgan edi. Yevropa Ittifoqi AQSh neft va gazini sotib olishni ko‘paytiradi, shuningdek, mamlakatga $600 mlrdgacha sarmoya kiritadi.