WhatsApp’da “Mehmon chatlari” funksiyasi paydo bo‘ladi. U WhatsApp foydalanuvchilariga messenjerda ro‘yxatdan o‘tmagan odamlar bilan muloqot qilish imkonini beradi.

Hozirda funksiya sinovdan o‘tkazilmoqda. Uning eslatmasi Android ilovasining beta-versiyasida topildi.

Masalan, foydalanuvchi biror kishiga WhatsApp orqali xabar yozmoqchi, ammo uning ushbu messenjerda hisobi yo‘q. Bunday holatda “Yangi suhbat” tugmasini bosib, telefon raqami ko‘rsatilmagan kontaktni qo‘shish mumkin. Ekranda suhbat oynasi va havola paydo bo‘ladi. Ushbu havolani suhbatdoshga yuborish kerak bo‘ladi.

Suhbatdosh havolani ochganida, brauzerda WhatsApp’ning yaratilgan chat bilan veb-versiyasi ochiladi. Unda vaqt bo‘yicha cheklovlarsiz muloqot qilish mumkin.

Lekin faqat matn yuborish mumkin. Suratlar, videolar, hujjatlar, stikerlar yoki GIF fayllarni biriktirish imkonsiz. Bu cheklovlarga qaramay, mehmon chatlarida yuborilgan barcha xabarlar boshidan oxirigacha shifrlash bilan himoyalanadi.

Agar ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchi hisob yaratsa, u “Mehmon suhbati"ni ko‘chirib o‘tkazishi va uni doimiy qilishi mumkin.

WaBetaInfo mutaxassislarining fikricha, shu yo‘l bilan WhatsApp jamoasi WhatsApp’ga ega bo‘lmagan foydalanuvchilarni messenjerda muloqot qilishni boshlashga undamoqchi.

“Mehmon chatlari” funksiyasi qachon hamma uchun ochiq bo‘lishi hozircha noma’lum. Ehtimol, u keyingi katta yangilanish doirasida paydo bo‘ladi.


Avvalroq Spot WhatsApp’da eslatmalar funksiyasi paydo bo‘lishi haqida yozgandi.

Yangi funksiya foydalanuvchiga keyinchalik o‘qish muhim bo‘lgan xabarlarni unutib qo‘ymaslikka imkon beradi.