Buxoroda gazdan noqonuniy foydalangan korxona, Andijonda elektrni talon-taroj qilgan mayning ferma aniqlandi.
O‘zenergoinspeksiyaning xabar berishicha, Buxoro shahrida joylashgan Sh. T. L. MChJga qarashli binoda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasida o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi ta‘sir ko‘rsatilgan.
Oqibatda 1,98 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, Andijon shahrida yashovchi fuqaro A.S. yashash xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga kripto-aktiv va mayning sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun 21 dona mayning qurilmalarini noqonuniy ulagan.
Natijada 1,2 mlrd so‘mlik elektr o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilingan. Yuqoridagi har ikki holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etadi.
Shuningdek, Bosh prokuratura energoresurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari uchun javobgarlik belgilanishini eslatib o‘tdi.
2024-yilning avgust oyida prezident “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan edi. Unda energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilangan. Xususan, elektr yoritgichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz foydalanish, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz yoritish uchun jarima miqdori elektr energiyasi narxining 50%ini tashkil etadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda iyul oyida iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 279 ta holat aniqlangani haqida yozgan edi. Noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga jami 96,86 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.