O‘zbekiston Belarusni birinchi AESni qurish loyihasiga qo‘shilishga taklif qildi, deya xabar berdi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom) matbuot xizmati.
5−6 avgust kunlari Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan O‘zatom delegatsiyasi Belarusda bo‘lib, AES qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli Belarus tajribasini har tomonlama o‘rganish, undan O‘zbekistonda birinchi AES qurilishini amalga oshirishda foydalanish rejalashtirilgan. Biroq gap kichik yoki katta AES haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.
O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Belarus energetika vaziri Denis Moroz bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar, jumladan:
- yirik miqyosli AESni energetika tizimiga integratsiya qilish masalalari;
- jismoniy himoya tizimini yaratishda tajriba almashish;
- ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish;
- loyihalarni amalga oshirishda jamoatchilik bilan hamkorlik qilish.
Belarus tomoni AES qurilishi va ekspluatatsiyasini ta’minlash uchun infratuzilma qanday tashkil etilgani haqida ma’lumot berdi, shuningdek, vaxta shaharchasini tashkil etish, AES xodimlari uchun shahar qurish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Azim Axmedxo‘jayev ning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Belarusni “Belarus amaliyotidan maksimal darajada foydalangan holda asosiy hamkorlardan biri sifatida” ko‘radi.
“Bizda aloqa nuqtalarini topish, hamkorlikni rivojlantirish va belaruslik hamkasblarimizni loyihamizda ishtirok etishga taklif qilish uchun yaxshi istiqbollar mavjud,” — dedi O‘zatom direktori (Belarus Energetika vazirligi matbuot xizmatidan iqtibos).
Belarus energetika vaziri Denis Moroz 2023-yilda ishga tushirilgan umumiy quvvati 2400 MVt bo‘lgan birinchi Belarus atom elektr stansiyasi mamlakatda iste’mol qilinadigan barcha elektr energiyasining qariyb 40%ini ta’minlayotganini ma’lum qildi. “Ishonchim komilki, belaruslar O‘zbekistonda AES qurishda ishtirok etishlari mumkin,” — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘zatom delegatsiyasi Belenergo Davlat ishlab chiqarish birlashmasi dispetcherlik xizmati markaziy boshqaruv shiti faoliyati bilan tanishdi. Tashrif dasturidan Belarus AESga tashrif buyurish, BelAES o‘quv-mashg‘ulot markazi bilan tanishish, hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar va amaliy maslahatlashuvlar o‘tkazish ham o‘rin olgan.
Katta AES
2024-yil oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov atom elektr stansiyasi qurilishi kichik quvvatli reaktorlardan boshlanishini, biroq O‘zbekistonga “baribir yirik reaktor kerakligi”, bu 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40% ga yetkazish rejalari bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.
O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Alter Ego YouTube kanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonga elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplash uchun katta quvvatli to‘rtta AES kerak, degan fikrga qo‘shildi. “Biz har yili ko‘rayotgan tendensiyalar va iste’mol hajmini hisobga olgan holda, ha, bularning barchasi uchun katta AES qurish zarur”, — degandi u.
Joriy yilning mart oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda katta quvvatli AES qurish istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralar doirasida obyektni joylashtirish variantlari ko‘rib chiqildi, milliy energetika infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan loyihaning texnik va strategik parametrlari tahlil qilindi.
Shu oyda prezident yirik atom elektr stansiyasini joylashtirishning texnik-iqtisodiy jihatlari va uni qurish rejalarini ko‘rib chiqdi.
28-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev INNOPROM. Markaziy Osiyo xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tinch atom sohasidagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
“Agar emas, balki qachonki O‘zbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytganida, bizda allaqachon takliflar tayyor bo‘ladi — nafaqat ushbu bo‘lajak obyektlarning ko‘rinishi bo‘yicha, balki O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahalliylashtirish bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalar bo‘yicha ham, katta hajmdagi ishlar bo‘yicha ham”, — dedi Lixachev.
O‘tgan hafta oxirida Rossiya OAV Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga tayanib, mamlakatning Rosatom davlat korporatsiyasi bosh pudratchisi bo‘lgan O‘zbekistonda AESni qurish loyihasi qayta formatlangani haqida yozdi. Hozirda gap ham kichik, ham katta AES qurilishi haqida ketmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.