IT Park Uzbekistan Digital Startup Awards (DSA) xalqaro dasturida ishtirok etish uchun arizalarni qabul qilishning yakuniy bosqichi boshlanganini e’lon qiladi.

Tanlov IT Park Ventures bilan hamkorlikda Yevroosiyo davlatlaridagi istiqbolli startaplarni individual murabbiylik va $1 mln miqdoridagi mukofot jamg‘armasi orqali qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Dasturning maqsadi yuqori salohiyatli loyihalarni aniqlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy startap ekotizimida innovatsion faollikni rag‘batlantirishdan iborat.

Ishtirok etishga Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston va Mo‘g‘ulistondan startaplar taklif etiladi. O‘zbekistonlik startaplar “Eng yaxshi startap loyiha” yo‘nalishida qatnashishlari mumkin.

Digital Startup Awards uchta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:

  • inkubatsiya — ilk bosqichdagi startaplar uchun g‘oyadan MVP gacha. Individual qo‘llab-quvvatlash, loyihaviy o‘qitish va biznes modelini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi;
  • akseleratsiya — Product-Market Fit bosqichiga yetgan startaplar uchun oflayn dastur. Sotuvlarni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi bozorlarga chiqishga yo‘naltirilgan;
  • eng yaxshi startap loyiha — tasdiqlangan daromad va barqaror natijalarga ega yetuk startaplar (Seed dan Series A darajasigacha) uchun. G‘oliblar grant mablag‘lari va investorlar bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘zbekistonlik startaplar ushbu yo‘nalishda ishtirok etishlari mumkin.

Ishtirokchilar uchun intensiv seminarlar va o‘quv dasturlari tashkil etiladi. Startaplar xalqaro darajadagi mentorlar va ekspertlarga, shuningdek, boshqa jamoalar, korporatsiyalar va venchur fondlari bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Arizalar 2025-yil 30-avgustgacha qabul qilinadi. Sentabr oyida tanlov ishtirokchilari saralanadi, oktabr-noyabr oylarida esa yarim finallar o‘tkaziladi. DSA grand-finali 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Eng yaxshi startaplar $40 minggacha mukofot puli oladi. Tadbirning umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mlnni tashkil etadi.

Batafsil ma’lumot olish va tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirish uchun StartupBase veb-saytida.


Avvalroq Spot sun’iy intellektdan foydalanilgan loyihalar tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.

Bunda fintex va davlat xizmatlari sohalarida yechimlar ishlab chiqish taklif etilmoqda. Sovrin jamg‘armasi $10 mingni tashkil etadi.