O‘zbekistonda ko‘chmas mulk narxlari o‘rtacha darajada saqlanib qolmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoriga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.
Aprel-iyun oylarida narxlar mo‘tadil darajada saqlanib, joriy yil boshidagi qiymatlar atrofida shakllangan. Uy-joy sektoridagi mavjud talab yuqori darajadagi taklif bilan qondirilmoqda, bu esa narxlarning barqaror past o‘sish sur’atlarini shakllantirishga yordam beradi, deb yozadi Markaziy bank.
Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, milliy valyutada shakllangan narxlar yillik nisbatda birlamchi uy-joy bozorida 2,6% ga (dollarda — 2,1% ga), ikkilamchi uy-joy bozorida 2,5% ga (dollarda — 2% ga) qimmatlashdi.
Ko‘chmas mulk narxlarining o‘sish sur’atlari dinamikasi hududlar kesimida farq qiladi. Uy-joy narxi yuqori bo‘lgan Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlari kabi hududlarda narxlarning o‘sish sur’atlari deyarli o‘zgarmagan yoki hatto biroz pasaygan. Mamlakatning qolgan hududlarida ko‘chmas mulk narxlari o‘sishda davom etmoqda.
Markaziy bank O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida uy-joy narxlari yana ko‘tarilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Buning asosiy sabablari sifatida ko‘chmas mulkning hozirgi nisbatan arzon narxlari, infratuzilmaning yaxshilanib borishi va mahalliy aholi orasida talabning o‘sishi ko‘rsatilmoqda.
Iyul oyida O‘zbekiston quruvchilar uyushmasi raisi Mansur Niyozmuhamedov ulushli qurilishda eskrou-hisob raqamlarining joriy etilishi uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkinligini aytgandi. Developerlarning aylanma mablag‘lari yetishmasligi sababli, uy-joy bozorida talab yuqori bo‘lsa-da, taklif kamayishi mumkin.
Muammoni hal qilish uchun u quruvchilarga eskrou-hisob raqamlaridagi pullar hisobidan past yoki nol foizli kreditlar berishni taklif qildi. Shuningdek, u banklar va quruvchilarga loyihalarni amalga oshirishda yaqinroq hamkorlikka o‘tishni taklif qildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni bozor narxida baholashga o‘tiladi va soliq stavkalari pasaytirilishi haqida yozgandi.
2028-yilgacha ko‘chmas mulkning bozor qiymatini aniqlashning yangi tizimi butun mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich joriy etiladi.