O‘zbekiston Markaziy banki iyun oyida oltin sotishdan sotib olishga o‘tdi, deyiladi Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, yozning birinchi oyida jahon regulyatorlari o‘z oltin zaxiralarini jami 22 tonnaga to‘ldirdi. Yil boshidan buyon qimmatbaho metallar zaxiralarining umumiy tonnasi 123 tonnaga oshdi.
Oltinning asosiy xaridori O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi — oyiga qo‘shimcha 9 tonna. Bungacha regulyator qimmatbaho metallni ketma-ket to‘rt oy davomida sotgan.
Ikkinchi o‘rinni 7 tonna bilan Qozog‘iston Milliy banki egalladi. Bundan tashqari, Xitoy Xalq banki, shuningdek, Turkiya Markaziy banki va Chexiya Milliy banki bir oyda 2 tonnadan oltin sotib oldi.
Yana bir tonnadan Gana, Qatar, Qirg‘iziston va Filippin regulyatorlari sotib oldi. Iyun oyida oltinning yagona yirik sotuvchisi Singapur pul-kredit boshqarmasi bo‘lib, u 6 tonna oltin sotgan.
O‘zbekiston birinchi yarim yillikda 18 tonnaga yaqin qimmatbaho metall sotish bo‘yicha yil boshidan buyon yetakchi bo‘lib qolmoqda. Singapur biroz kamroq (16 tonna) sotgan, uchinchi o‘rinda esa Rossiya banki katta farq bilan joylashgan.
Polsha milliy banki yarim yil ichida eng ko‘p oltin sotib oldi — 67 tonna. Ikkinchi o‘rinni 35 tonna bilan Ozarbayjon Davlat neft fondi egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikni Qozog‘iston (22 tonna) yakunlab bergan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda $1,11 mlrdga kamaygani haqida yozgandi. Markaziy bankning xalqaro aktivlari $48,55 mlrdni tashkil etdi. Oltin zaxiralari qiymati rekord ko‘rsatkichni yangilab $38,42 mlrdga yetdi.