Avvalroq Spot O‘zbekistonda shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingani haqida yozgandi. Hujjat loyihalarni amalga oshirish va uy-joy mulkdorlariga kompensatsiya to‘lash tartibini belgilaydi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida renovatsiya bo‘yicha alohida qonun yo‘qligi ko‘chmas mulk egalarining huquqlari buzilishiga olib kelayotganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda fuqarolarning investorlar xatti-harakatlaridan shikoyatlari bir necha bor qayd etilgan. Bu bir qator hollarda jabrlangan mulkdorlar manfaatlarini ko‘zlab yuzlab jinoiy ishlarning qo‘zg‘atilishiga olib keldi.

Renovatsiya to‘g‘risidagi qonun huquq egalari, investorlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Avariya holatidagi uy-joy

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida 42 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ulardan 17 mingga yaqini kam qavatli (asosan ikki va uch qavatli) uylardir. 343 ta uyning me’yoriy foydalanish muddati o‘tib ketgan va ular avariya holatida deb topilgan.

“Ko‘plab aholi punktlarida odamlar zamonaviy talablarga javob bermaydigan eski uylarda yashashda davom etmoqda. Muhandislik tarmoqlari — elektr, suv va gaz ta’minoti eskirgan, ayrim uylarda kanalizatsiya tizimi umuman yo‘q. Hojatxonasi hali ham ko‘chada bo‘lganlari ham bor”, — dedi adliya vaziri o‘rinbosari.

17 mingta kam qavatli uylar o‘rnida 7−9 qavatli 13,5 mingga yaqin yangi ko‘p qavatli uylar qurish mumkin. Bu o‘sha hududda yashovchilar sonini uch barobarga oshirish imkonini beradi. Yaxlit uy-joy massivlarini barpo etish infratuzilma va energiya resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlaydi.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, eskirgan uy-joylar o‘rnida zamonaviy turar-joy majmualari, shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish bo‘yicha tashabbuslar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda aholining manfaatlarini hisobga olish va ularni nafaqat investitsion jozibador hududlarga, balki chekka hududlarga ham tarqatishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Renovatsiya talablari

Vazir o‘rinbosari “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Hujjat bilan 3 mingdan ziyod kishi tanishib chiqqan bo‘lib, 154 ta taklif va mulohaza bildirilgan.

OAVdagi chiqishlar va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar tahlili natijalariga ko‘ra, Adliya vazirligi fuqarolarni tashvishga solayotgan ikkita asosiy muammoni ajratib ko‘rsatdi:

  • renovatsiyada aholining huquqlarini himoya qilish — mulkka bo‘lgan huquqlarni qonunda mustahkamlash va buzilayotgan uy-joy uchun adolatli kompensatsiya belgilash zarurati;
  • o‘zboshimchalik bilan buzish xavfi — renovatsiyani boshlash uchun aniq mezonlarni belgilash va huquq egalarining roziligisiz hokimiyat organlarining qaror qabul qilish vakolatlarini cheklashning muhimligi.

Loyihaga ko‘ra, renovatsiya Toshkent shahri bosh rejasining tegishli bo‘limiga kiritilgan hududlarda, shuningdek, avariya holatidagi va yashash uchun yaroqsiz fond mavjud bo‘lgan hududlarda amalga oshiriladi. Renovatsiya loyihalari tashabbuskorlari hokimliklar, mahalliy aholi va xususiy investorlar bo‘lishi mumkin.

Mahalliy aholi yoki investorlar tomonidan renovatsiya loyihasini boshlash uchun huquq egalarining kamida 80% notarial tasdiqlangan roziligini oldindan to‘plash kerak.

“Agar 5 ta mulkdorning 4 tasi loyihani qo‘llab-quvvatlamasa, renovatsiya taklifi ko‘rib chiqilmaydi ham”, — deya ta’kidladi Istamov.

Renovatsiya loyihasi tasdiqlangan taqdirda har bir huquq egasi bilan kompensatsiya shakli kelishib olinadi. Shundan so‘ng hokimlik, investor va huquq egasi o‘rtasida uch tomonlama kelishuv imzolanishi kerak. “Mulkdorning 100% roziligini olmasdan turib, hech qanday qurilish yoki buzish ishlari amalga oshirilmaydi”, — dedi u.

Kompensatsiya to‘lash

Huquq egalari uchun kompensatsiyaning uchta shakli ko‘zda tutilgan:

  • renovatsiya hududida turar yoki noturar joy binosini berish;
  • boshqa joyda uy-joy berish;
  • olib qo‘yilayotgan obyektning bozor qiymati asosida pul kompensatsiyasi.

Agar renovatsiya loyihasini amalga oshirish vaqtida huquq egasi ijarada yashayotgan bo‘lsa, barcha ijara xarajatlari to‘liq qoplanadi. Bundan tashqari, yangi turar joyga joylashish uchun ko‘chmas mulk bozor qiymatining 12%i miqdorida bir martalik to‘lov nazarda tutilgan.

Renovatsiya loyihasini amalga oshirish muddatini ikki yil etib belgilash taklif etilmoqda. Muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda, kechiktirilgan har bir kun uchun mol-mulk qiymatining 0,5%i miqdorida penya to‘lash ko‘zda tutilgan. Har bir renovatsiya loyihasi uchun alohida direksiya va yuridik shaxs tashkil etiladi, ular investor va huquq egalari o‘rtasidagi majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydi.

“Ushbu tizim o‘tgan yillarda duch kelgan muddatlarning buzilishi va majburiyatlarning bajarilmasligining oldini oladi. Qurilish tugallanmagan taqdirda loyiha Shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkaziladi. Yangi investor jalb qilinishi bilan ishlar davom ettiriladi. Davlat, o‘z navbatida, qurilish to‘xtab qolmasligiga kafolat beradi”, — dedi Istamov.

Agar huquq egalari renovatsiya loyihasini iqtisodiy jihatdan foydali deb hisoblasa, ular o‘z uylarining bozor qiymatini loyihadagi ulushga almashtirib, uni amalga oshirishdan daromad olishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq Spot endi tadbirkorlar o‘zlariga tutash hududlardan ijara asosida mavsumiy foydalanishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.

Norasmiy faoliyat yuritayotgan obyektlar aniqlanib, xatlovdan o‘tkaziladi hamda ularning qonuniy faoliyati yoki hududning bo‘shatilishi ta’minlanadi.