Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Li qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qoidabuzarliklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Nizomda fond bozorida qonun buzilishlarini aniqlash, tergov qilish va ularga chek qo‘yish tartibi belgilangan. Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun bozor ishtirokchilariga nisbatan qo‘llaniladigan sanksiyalar va jazolar belgilangan.

ILMA ishlarni ko‘rib chiqish va sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha vakolatli organga aylanadi. Agar ishda ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lsa, u sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Fuqarolar yoki yuridik shaxslarning ariza va shikoyatlari, tekshirish materiallari, hisobotlar, OAVdagi xabarlar va boshqa axborot manbalari ish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ishni agentlik rahbariyati tomonidan tasdiqlangan tarkibdagi komissiya ko‘rib chiqadi.

Komissiya tarkibiga agentlik xodimlari, davlat organlari va professional birlashmalar vakillari kiritilishi mumkin. Banklar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda u Markaziy bank bilan kelishgan holda ekspertlarni jalb etish huquqiga ham ega.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslar (shu jumladan arz qiluvchilar, guvohlar va javobgarlikka tortiladigan shaxslar) komissiya majlislarida va muhokamalarda ishtirok etish, ish materiallarini o‘rganish, dalillar taqdim etish huquqiga ega. Ishni ko‘rib chiqish uchun bir oydan ikki oygacha muddat beriladi.

Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha komissiya quyidagi qarorlarni qabul qilishi mumkin:

  • qoidabuzarliklarni bartaraf etish;
  • litsenziyaning amal qilishini yoki alohida operatsiyalarni to‘xtatib turish;
  • ishni sudga yoki boshqa organlarga yuborish;
  • ish yuritishni tugatish.

Ko‘rsatmalar bir oy ichida bajarilishi kerak. Bozor ishtirokchilari qoidabuzarliklarni bartaraf etishlari va ushbuni tasdiqlovchi dalillarni taqdim etishlari shart. Iltimosnoma asosida ko‘rsatma ijrosini muddati uzaytirilishi mumkin.

Qaror va ko‘rsatmalar ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sudga murojaat qilganda nizoli qaror yoki ko‘rsatma ijrosi sud hujjati qonuniy kuchga kirgunga qadar to‘xtatib turiladi.

Qoidabuzarlar qoidabuzarlik aniqlangan paytdan boshlab uch yil davomida javobgarlikka tortilishi mumkin.

Nizom sohada huquqiy intizomni kuchaytirish, shaffoflikni oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.


Avvalroq Spot ILMA ipoteka obligatsiyalarini chiqarishda Tartibga solish qumdonini joriy etishi haqida yozgandi.

Agentlik tajriba loyihalarini amalga oshirishning huquqiy asosini belgilab beruvchi hujjatni tasdiqladi.