Toshkent shahrida ijara va yer uchastkalari narxlari sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoriga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi.

Uy-joy ijarasi bozorida taklifning o‘sishi va talabning mavsumiy pasayishi tufayli narxlarning mo‘tadil darajasi saqlanib qolmoqda. Aprel-iyun oylarida uy-joy ijarasi deyarli qimmatlashmadi — respublika bo‘yicha o‘sish sur’ati nolga yaqin bo‘lib qoldi va iyun oyida yillik hisobda atigi 0,3% ga oshdi.

Toshkentda ijara narxlari arzonlashishda davom etmoqda — iyun oyida narxlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,1% ga pasaygan.

ijara, narxlar, uy-joy, yer uchastkasi

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahrida yer uchastkalarining o‘rtacha qiymati yillik hisobda 2,5% ga kamaydi. Poytaxtda bir sotix yer 334 mln so‘mga arzonlashdi.

Markaziy bankning qayd etishicha, mavsumiy omillarni hisobga olgan holda qurilish materiallari taklifi barqaror bo‘lib qolmoqda. Biroq, so‘nggi oylarda turar-joy binolariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash materiallari narxining o‘sishi biroz tezlashdi.

Iyun oyida qurilish materiallari narxlari yillik hisobda 5% ga oshdi.

Avvalroq Spot Markaziy bank O‘zbekistonning aksariyat hududlarida uy-joy narxlari oshishini prognoz qilgani haqida yozgandi. Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, birlamchi uy-joy narxlari yillik nisbatda 2,6% ga, ikkilamchi uy-joy narxlari esa 2,5% ga oshgan.