Yangi o‘quv yilidan boshlab Xitoy davlat bog‘chalarining bitiruvchi guruhlarida bolalar uchun to‘lovlarni bekor qiladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Belgilangan mezonlarga javob beradigan xususiy bog‘chalar uchun ham to‘lov miqdori kamaytiriladi. Ushbu chora-tadbirlar bolalarni tarbiyalash xarajatlarini kamaytirish va mamlakatda ketma-ket uchinchi yil pasayib borayotgan tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha milliy strategiyaning bir qismi bo‘ldi.

Hukumat bolalar bog‘chalarining yo‘qotilgan daromadlarini qoplashni va mahalliy hokimiyatlarni barqaror moliyalashtirishni ta’minlashga, jumladan tarbiyachilarga ish haqini to‘liq va o‘z vaqtida to‘lashga da’vat etmoqda. Shuningdek, hukumat muassasalar faoliyatida qarzdorlik va uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida subsidiyalardan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Aholining keksayishi va nikohlar sonining kamayishi fonida Xitoy hukumati yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kuchaytirmoqda. Shunday tashabbuslardan biri joriy yildan boshlab uch yoshgacha bo‘lgan bola uchun har yili 3600 yuan (taxminan $500) miqdorida nafaqa joriy etilishi bo‘ldi.

U barcha yangi ota-onalarga to‘lanadi, 2025-yilgacha tug‘ilgan bolalar uchun esa qisman kompensatsiyalar nazarda tutiladi. Subsidiya 20 mlndan ortiq oilani qamrab olishi kutilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yordam ko‘lami hozircha cheklangan bo‘lib, demografik vaziyatni keskin o‘zgartirishi ehtimoldan uzoq. Biroq, ular buni oilalarni bevosita moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va “tug‘ilishga qulay” muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadam deb baholashmoqda.

Xususan, hokimiyat hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va’dasini bermoqda, yangi chora-tadbirlarni moliyalashtirish esa mahalliy hokimiyat mablag‘lari hisobidan emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy budjetdan amalga oshiriladi.

Demograflarning ta’kidlashicha, sezilarli natijaga erishish uchun arzon maktabgacha ta’limga, ayollar huquqlarini himoya qilishga va iqtisodiy beqarorlikni kamaytirishga tizimli ravishda sarmoya kiritish zarur bo‘ladi.


Avvalroq Spot 1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi haqida yozgandi.

Ikki mamlakat fuqarolari davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi.