Instagram yangi “Instagram Map” funksiyasini ishga tushirmoqda, deya xabar berdi TechCrunch nashri.
Bu funksiya foydalanuvchilarga o‘zlarining so‘nggi faol joylashuvlarini ulashish va joylashuvga bog‘liq kontentni topish imkonini beradi.
Shuningdek, Metaga qarashli bo‘lgan bu ijtimoiy tarmoq repost funksiyasini ham ishga tushirmoqda va Reels’dagi “Do‘stlar” bo‘limini butun dunyo bo‘ylab foydalanish uchun taqdim etmoqda.
Bu yangilik orqali foydalanuvchilar o‘zlari kuzatib borayotgan boshqa foydalanuvchilar qaysi postlarni yoqtirganini va ularga qanday izohlar qoldirganini ko‘rishlari mumkin.
Instagram yangi xarita funksiyasi bilan Snapchat’ning yana bir mashhur xususiyatini nusxalamoqda. Bu 2016-yilda Stories ilovasining asosiy funksiyalarini ko‘chirib olganidan keyin sodir bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoq Snap Map funksiyasini qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda. Bu funksiyaning faol foydalanuvchilari soni yaqinda oyiga 400 mlndan oshdi va u ilovaning asosiy takliflaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Qayd etilishicha, Instagram Map’da geoma’lumotlarni uzatish funksiyasi odatiy holda o‘chirilgan bo‘ladi va foydalanuvchining joylashuvi faqat ilova ochilgandagina yangilanadi. Ya’ni, ilova real vaqt rejimida yangilanishlarni taqdim etmaydi.
“Xarita” bo‘limi hozirda AQSh foydalanuvchilariga taqdim etilgan bo‘lib, “yaqin kelajakda” u boshqa mamlakatlarda ham paydo bo‘ladi. Biroq Instagram aniq muddatlarni ma’lum qilmadi.
Avvalroq Spot Instagram endi Spotify qo‘shiqlarini Stories’da ovoz bilan ulashish imkonini berishi haqida yozgandi.
Bungacha foydalanuvchilar Spotify qo‘shiqlarini o‘z hikoyalarida ovozsiz ulashib, ularning havolasini taqdim eta olardi.