Iyul oyining boshidan sentabr oyining oxirigacha — o‘zbek qovunlarini tashqi bozorlarga jo‘natish hajmi eng yuqori bo‘lgan davr va bu oylarda eksportning katta qismi Torpeda naviga to‘g‘ri keladi.

Joriy mavsumning asosiy farqlaridan biri O‘zbekistonda ushbu mahsulotlarning nisbatan yuqori narxi bo‘lib, joriy ulgurji narxlar o‘tgan yilgi darajadan 2,5 baravar yuqori, deya ta’kidlaydi EastFruit mutaxassislari.

“Iyul-sentabr oylarida o‘zbek qovuni eksporti umumiy hajmining 90%dan ortig‘i Torpeda navi hissasiga to‘g‘ri keladi. Hozirda fermerlar bu mahsulotlarni daladan avtotransportga yuklash va qadoqlash xarajatlarini hisobga olmaganda, kilogrammi uchun o‘rtacha 3 000 so‘mdan ($0,24) jo‘natmoqda. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida fermerlar Torpeda qovunlarini dalalardan o‘rtacha 1200 so‘m/kg ($0,10) dan jo‘natgan edi” — deydi yangi qovun yetishtirish va eksport qilishga ixtisoslashgan Fresh Melon rahbari Farhod Qorabekov.

Iyul oyi boshida O‘zbekistonda bir hafta ichida qovun narxi uch barobarga arzonlashgani haqida xabar berilgandi.

Narxlar pasayishining asosiy sababi O‘zbekistonning Mirzacho‘l tumani va qo‘shni Qozog‘istonda qovun hosilini ommaviy yig‘ib-terishning boshlanishi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Farhod Qorabekovning aytishicha, hozirgi kunda tashqi bozorlarda o‘sib borayotgan talab ham narxlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha omili sifatida xizmat qilmoqda.

“Qozog‘istonda qovun hosili odatda avgust oyining oxirida yig‘ib olinadi. Biroq, hozirda qo‘shni mamlakatda eksport hajmi deyarli tugagan, bu esa joriy mavsumning ertaroq yakunlanishini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, bu Qozog‘iston mahsulotlari yetkazib beriladigan tashqi bozorlar tomonidan o‘zbek qovuniga bo‘lgan talabning oshishiga olib keladi”, — deya qo‘shimcha qildi ekspert.


Avvalroq EastFruit O‘zbekiston yangi o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqishi mumkinligi haqida yozgandi.

Joriy mavsumda Turkiyada o‘rik hosilining bahorgi sovuqlar oqibatida kam bo‘lishi sababli, O‘zbekiston o‘rik eksport qiluvchi ikkinchi yirik davlatga aylanishi mumkin.