Avvalroq Spot O‘zbekistonda shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingani haqida yozgandi. Hujjat loyihalarni amalga oshirish va uy-joy mulkdorlariga kompensatsiya to‘lash tartibini belgilaydi.

Adliya vazirligi iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Xidirali Sodiqov “Sayilgoh” podkastida aytishicha, qonun loyihasi avariya holatidagi va yashash uchun yaroqsiz deb topilgan uylarni renovatsiya qilish taklifini 80% aholi roziligisiz kiritish imkonini beradi.

“Masalan, biz uyning eski, avariya holatida ekanligini va yong‘in chiqish ehtimoli yuqoriligini ko‘ryapmiz. Tasavvur qiling: yog‘och uyda yashovchi kishi renovatsiyaga rozi bo‘lmayapti. Agar ertaga yong‘in sodir bo‘lsa, bu nafaqat uning uyiga, balki qo‘shnilariga ham zarar yetkazadi. Agar komissiya xulosasiga ko‘ra, uy eski, avariya holatida va yashash uchun yaroqsiz deb topilsa, qonun loyihasida aholining 80%i roziligini kutmasdan renovatsiya ishlarini boshlash imkoniyati nazarda tutilgan”, deya tushuntirdi Xidirali Sodiqov.

Renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, mahalliy aholi yoki investorlar tomonidan renovatsiya loyihasini boshlash uchun huquq egalarining kamida 80%idan notarial tasdiqlangan roziliklar oldindan to‘planishi shart.

Adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamovning ma’lum qilishicha, agar besh mulkdorning to‘rttasi loyihani qo‘llab-quvvatlamasa, renovatsiya taklifi ko‘rib chiqishga ham qo‘yilmaydi.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududida 42 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ulardan 17 mingga yaqini kam qavatli (asosan ikki va uch qavatli) uylardir. 343 ta uyning me’yoriy foydalanish muddati o‘tib ketgan va ular avariya holatida deb topilgan.

“Ko‘plab aholi punktlarida odamlar zamonaviy talablarga javob bermaydigan eski uylarda yashashda davom etmoqda. Muhandislik tarmoqlari — elektr, suv va gaz ta’minoti eskirgan, ayrim uylarda kanalizatsiya tizimi umuman yo‘q. Hojatxonasi hali ham ko‘chada bo‘lganlari ham bor”, — dedi adliya vaziri o‘rinbosari.

17 mingta kam qavatli uylar o‘rnida 7−9 qavatli 13,5 mingga yaqin yangi ko‘p qavatli uylar qurish mumkin. Bu o‘sha hududda yashovchilar sonini uch barobarga oshirish imkonini beradi. Yaxlit uy-joy massivlarini barpo etish infratuzilma va energiya resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlaydi.


Avvalroq Spot Markaziy bank O‘zbekistonning aksariyat hududlarida uy-joy narxlari oshishini prognoz qilayotgani haqida yozgandi.