Pekinda dunyodagi birinchi odamsimon robotlar do‘koni ochildi. Bu haqda Global Times xabar bermoqda.

4S formatidagi do‘konning ochilishi 2025-yilgi Butunjahon robototexnika konferensiyasiga bag‘ishlangan.

4S-do‘kon savdo (Sale), ehtiyot qismlarni yetkazib berish (Sparepart), sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish (Service) va bozorni o‘rganish (Survey) bilan shug‘ullanadigan platformadir.

Bundan tashqari, bu yerda kafe va bar-restoran mavjud bo‘lib, u yerda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va sahnadagi musiqachilar robotlardir.

Robot Mall deb nomlangan do‘kon umumiy maydoni taxminan 4 ming kvadrat metr bo‘lgan to‘rt qavatni egallaydi.

Unda 50 dan ortiq brendlar va robotlarning yettita asosiy toifasi, jumladan, tibbiy, bionik, odamsimon va sanoat modellari, shuningdek, basketbol, futbol yoki shaxmat o‘ynash mumkin bo‘lgan robot-hayvonlar va robot-sportchilar taqdim etilgan.

Robot Mall yonida yangi restoran ochildi. Unda mehmonlarga robotlar xizmat ko‘rsatmoqda: barmenlar, ofitsiantlar va hatto oshpazlar ham.

Restoran vakili Sun Linning ma’lum qilishicha, muassasa yangi robotlarni sinab ko‘rish va ularning imkoniyatlarini haqiqiy sharoitlarda namoyish etish uchun maydon vazifasini o‘tamoqda.

Iqtisodchi Fransisko Migel Pauluning ta’kidlashicha, robototexnikani rivojlantirish zarur, chunki mashinalar inson uchun xavfli vazifalarni bajarishi mumkin. Ular kasal bo‘lmaydi, infeksiyalarga chidamli va oson ta’mirlanadi.

Shuningdek, u odamlar va robotlar o‘rtasida ish o‘rinlarini taqsimlashda nomutanosiblikka yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat siyosati muhimligini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Teslaning Optimus odamsimon roboti endi uy-ro‘zg‘or ishlarida yordam berishi mumkinligi haqida yozgandi.

Robot berilgan ko‘rsatmalarga binoan uy yumushlarini bajaradi, kiyim dazmollaydi, polni changyutgich bilan tozalaydi, ovqatni aralashtiradi, axlatni chiqaradi va stolni tozalaydi.