Avvalroq prezident raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda qirqta oliygohga moliyaviy mustaqillik berilgani bugun o‘z samarasini bergani ta’kidlandi.
Prezident “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjirini yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish zarurligi qayd etdi. Bu borada 25 ta muhandislik oliygohi hamkor korxonalarda 438 ta kafedra ochdi.
Masalan, neft-gaz tarmog‘i ta’lim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil qildi. Buxoro texnika universiteti esa neft-gazdan tashqari yana 10 ta korxonada 20 ta kafedra filiali faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Buxoro viloyatida yaqin yillarda yirik gaz-kimyo majmuasi ishga tushishi kutilmoqda. Xorijiy kompaniyalar tomonidan Ustyurtdagi yangi loyihalar bo‘yicha ishlar boshlangan.
Prezident bu quvvatlarga mutaxassislar qayerda tayyorlanadi, ilmiy izlanishlar kim tomonidan olib boriladi, degan savollarga hozirdan javob topish kerakligini ta’kidladi.
Endilikda qiymati $1 mlndan, ishchilar soni 50 tadan yuqori loyihalar texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi.
Bu asosda mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ushbu modullarni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi.
Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investor ishtirokida har yili baholab boriladi. Talaba diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, investor ehtiyojiga mos kelgan bitiruvchilar u tomonidan kafolatli ishga olinadigan tizim bo‘ladi.
Tahlillar ko‘rsatganidek, byurokratiya sabab xususiy sektor bo‘sh o‘rinlarni ko‘rsatishdan manfaatdor emas. Shu bois, oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektor uchun ma’qul keladigan tizim yaratilishi belgilandi.
Buning uchun Tadbirkorlar reytingida alohida ko‘rsatkich qo‘shiladi. Bunda tadbirkorlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni mutaxassislik yo‘nalishi bilan kiritadi.
Platformaga oliygohlar ham ulanib, oliygohning “karyera markazi” bitiruvchini bo‘sh o‘rni bor korxona bilan bog‘lab beradi.
Eng muhimi, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi. Bitiruvchisini yarmidan ko‘pini ishga joylagan “karyera markazi"ga oliygoh jamg‘armasidan 500 mln so‘m mukofot beriladi.