Qozog‘istonda yana 42 ta qishloq maktabi Starlink tizimiga ulanadi, deya xabar bermoqda Kazinform nashri.
Hozirgi paytda Starlink tizimi 33 ta qishloq maktabi uchun mavjud. Pavlodar viloyati bo‘yicha esa 10 ta qishloqda aloqa, 7 ta qishloqda internet yo‘q.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, hududdagi 352 ta qishloq aholi punktidan 342 tasi (97,1%) mobil aloqa bilan, 343 ta qishloq (97,4%) esa mobil va statsionar internet bilan ta’minlangan.
Shunga qaramasdan, 10 ta qishloqda umuman aloqa yo‘q, 7 tasida esa internet mavjud emas. Internetsiz qolgan joylar — texnik jihatdan amalga oshirish uchun qo‘shimcha yechimlar talab etiladigan kichik va olis joylashgan aholi punktlaridir.
“Qishloq maktablarini internetga ulash ishlariga alohida e’tibor qaratilayapti. 2024-yili 33 ta maktab Starlink tizimi orqali internet bilan jihozlandi. Yana 42 ta maktab yangi o‘quv yili boshida ulanadi. Barcha maktablarni 1-sentabrgacha ulash rejalashtirilgan”, — deb xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Bundan tashqari, Qulay internet milliy loyihasi doirasida tolali-optik aloqa tarmoqlarini qurish faol olib borilmoqda. 2027-yilgacha viloyatning 207 ta qishlog‘ini qamrab olish rejalashtirilgan.
Olis va kam aholi yashaydigan hududlarda KazSat, OneWeb va Starlink sputnik texnologiyalari asosida muqobil yechimlar joriy etilmoqda.
Iyun oyida Qozog‘istonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasman ishga tushishi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, signal qabul qiluvchi foydalanuvchi terminallari savdosi 2025-yilning uchinchi choragida boshlanadi.