Spot avvalroq Shavkat Mirziyoyevga Toshkent shahrida energetika tizimining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berilgani haqida yozgandi. 2027-yilgacha 46 ta podstansiya, ortiqcha yuklama bilan ishlaydigan 207 ta transformatorni yangilash rejalashtirilgan.

Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari yakunlanganini qayd etdi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) missiyalari davomida tanlangan maydon — Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘lida kichik atom elektr stansiyasini qurishni davom ettirish imkoniyatlari haqida ijobiy fikrlar bildirildi.

Joriy yilda O‘zbekiston MAGATEning xavfsizlik bo‘yicha to‘rtta xalqaro konvensiyasiga qo‘shildi. Bu AES loyihasini amalga oshirish jarayonini tezlashtirish va keyingi bosqichga o‘tish imkonini beradi.

“Bugungi kunda biz [O‘zatom] barcha izlanish ishlarini tamomlab, yer qazish ishlarini boshladik. Maydonda kotlovanni tayyorlash uchun barcha zarur ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda atrof-muhitga ta’sirni va loyiha xavfsizligini ta’minlashni baholash bo‘yicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqishni yakunlaymiz. Shunday qilib, biz keyingi bosqichga o‘tishimiz mumkin”, — dedi Azim Axmedxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident AES qurilishi loyihasini amalga oshirish muddatlarini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Bo‘lajak atom elektr stansiyasining birinchi betonini 2026-yil mart oyida quyish topshirildi.

O‘zatom direktorining tushuntirishicha, beton quyish loyihani amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tishni anglatadi, bu esa bevosita AES qurilishiga olib keladi. Prezidentga har ikki haftada loyihaning amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot beriladi, deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekistonda kichik AES qurilishi

2024-yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.

Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

O‘sha yilning iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.

Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.

O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.

Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.

Aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi. May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi.

Undan keyin Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshladi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.

Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zatom va MVM EGI Zrt o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolandi. Bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, AESlarda quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilishga qaratilgan. 2026-yildan O‘zbekistonda AESlarni sovutish uchun quruq gradirnyalar ishlab chiqarish boshlanadi.

May oyi oxirida O‘zatom va Italiyaning Ansaldo Energia S.p.A. kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Bundan tashqari, iyun oyida O‘zatom Fransiyaning Assystem kompaniyasi bilan ham anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat Toshkentda qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston Belarusni birinchi AES qurilishi loyihasiga qo‘shilishga taklif qilgani haqida yozgan edi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, O‘zatom AES qurish va undan foydalanish bo‘yicha Belarus tajribasini o‘rganmoqda.