Andijon va Samarqand shaharlaridagi korxonalar tomonidan jami 7,33 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

Xususan, Andijondagi G.T. korxonasiga qarashli ikkita tekstil mahsulotlariga aksessuarlar ishlab chiqarish va matolarga gul bosish sexi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida elektr ta‘minoti korxonasiga 4,65 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Samarqand shahridagi D.B. korxonaning quvvati 34 kVt bo‘lgan elektr qurilmalari hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulagan. Bu qoidabuzarlik natijasida elektr ta‘minoti korxonasiga 2,68 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda iyul oyida iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 279 ta holat aniqlangandi. Noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga jami 96,86 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Avvalroq ikkita hududda jami 3,1 mlrd so‘mlik gaz va “svet"dan noqonuniy foydalanilgani haqida xabar berilgandi.