O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida (O‘zRTXB) AI-92 benzini narxi yangi rekord darajaga ko‘tarildi. Bu haqda savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

8-avgust kuni AI-92 benzini narxi 2,1% ga oshib, bir tonna uchun 13,31 mln so‘mni tashkil etdi. O‘tgan hafta yoqilg‘i narxi 13 mln so‘mlik ruhiy chegaradan oshib ketdi. Avgust oyi boshidan beri AI-92 benzini birjada qariyb 600 ming so‘mga (4,69% ga) qimmatlashdi.

O‘zRTXB yoqilg‘i bo‘yicha savdolarni e’lon qilishni boshlagan 2024-yil 4-noyabrdan boshlab AI-92 benzini narxi 12,5% dan ko‘proqqa yoki deyarli 1,5 mln so‘mga oshdi.

2024-yil oktabr oyi oxiridan boshlab O‘zbekneftgaz AI-92 markali benzinni tovar-xomashyo birjasiga qo‘yishni boshladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan yoqilg‘i narxi bir tonnasi uchun 11,5 mln so‘mdan oshadi.

Bugun O‘zbekneftgaz Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan birja savdolariga qo‘yilgan bir tonna yoqilg‘ining boshlang‘ich narxi 1,9% ga — 12,881 mln so‘mdan 12,628 mln so‘mgacha pasayganini ma’lum qildi. Birjada bir litr benzin 9400 so‘mni tashkil qiladi.

Iyul oyida O‘zbekneftgaz 2025-yil sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.

Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytiradi va 2026-yildan boshlab AI-92 va AI-95 benzinini sotishga to‘liq o‘tadi.

Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergan edi.