Avvalroq prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Farmon bilan, O‘zbekistonda norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.
Jumladan, birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m), takroran sodir etilganda esa 100 BHM (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirlig, Adliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasiga avgust oyida qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab norasmiy bandlik bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” onlayn platformasidagi reyting ballari kamaytiriladi. Masʼul idoralar etib Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Raqamli texnologiyalar hamda Bandlik vazirligi belgilangan.
Mart oyi avvalida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekistonda mehnat shartnomasini tuzmagan ish beruvchilarni jarimaga tortishni taklif qildi.
Xususan, fuqarolarni mehnat shartnomasini belgilangan tartibda rasmiylashtirmasdan yoki tuzmasdan ishga jalb qilish fuqarolarga BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m) miqdorida, mansabdor shaxslarga esa 30 baravari (11,25 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bu huquqbuzarlikni bir yilda takror sodir etgan mansabdor shaxslarga BHMning 200 baravari — 75 mln so‘mgacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.
Avvalroq ayrim tashkilotlarga elektron mehnat shartnomalarini tuzishga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, malakasini oshirish istagidagi fuqarolarga qo‘shimcha taʼlim olish uchun kasb vaucheri beriladi.