O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshiriladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatida nazorat xaridini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom"da so‘z borgan.
Nizomga ko‘ra, “Sirli mijoz” tadbiri tekshirish yoki tadbirkorlik faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi. Bunday tadbirlar Yagona davlat nazorati axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi.
Tadbir bir qator manbalardan olingan maʼlumotlar asosida tashkil etiladi. Jumladan:
- jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Umra xizmatini ko‘rsatish faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlar;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan maʼlumot, tahlil va xulosalar;
- OAV, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar hamda boshqa ochiq manbalarda tarqalgan maʼlumotlar;
- Xavfni tahlil qilish elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rta va yuqori darajada baholangan tadbirkorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar.
“Sirli mijoz” tadbiriga o‘z ixtiyoriga ko‘ra rozilik bergan fuqarolar ham jalb qilinishi mumkin. Tadbir davomida Umra xizmatlarini noqonuniy amalga oshirishda gumonlanayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsga oid bir qator maʼlumotlar to‘planadi.
Xususan:
- xizmatni ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya mavjudligi;
- xizmat ko‘rsatish shartlari;
- xizmat uchun to‘lov usuli va hisob raqami.
Tadbir davomida yashirin diktofon yoki video kuzatuv moslamalaridan foydalanish mumkin.
May oyida litsenziyasiz Umra tadbirlarini tashkil etgan 4 ta turoperator jarimaga tortilgani ma’lum qilingandi. Noqonuniy reklama joylashtirgan 11 ta Telegram-kanal ma’murlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Joriy yilda yana 2 ta kompaniyaga Umra ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya berildi. Natijada Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar soni 14 taga yetdi. Ularning ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq Farg‘onada noqonuniy Umra reklamasi uchun uchta Telegram-kanal ma’murlariga ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.