Senat O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Abdurashid Jo‘raboyevga so‘rov yubordi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
So‘rov Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi aʼzosi Malika Qodirxonova tomonidan yo‘llangan.
Unda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun infratuzilmaviy sharoitlarni yaxshilash, xususan, radiotarmoq obyektlarida xavfsiz va qulay mehnat muhitini taʼminlash masalalari ko‘tarilgan.
Jumladan, Toshkent shahrida olib borilgan o‘rganishlar natijasida radio sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning moddiy-texnik holatini yaxshilashda muayyan ishlar amalga oshirilganligi, shu bilan birga, Toshkent radio eshittirish uyi binosida uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi aniqlangan.
Mazkur bino 1966-yilda qurilgan bo‘lib, u 5 qavatdan iborat. Unda O‘zbekiston, O‘zbekiston 24, Yoshlar radiosi, Mahalla teleradiokanali, O‘zbektelefilm DUK, Maqom ansambli faoliyat yuritmoqda.
Binodagi yagona lift 1982-yilda ishga tushirilgan va 41 yil mobaynida foydalanilib kelingan. Ammo 2023-yildan beri undan texnik talablarga javob bermagani uchun foydalanilmaydi.
Agar lift pasportida xizmat muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, undan 25 yil foydalanish mumkin. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, texnik reglamentga javob bermaydigan liftlardan foydalanish taqiqlangan.
Bugungi kunda liftning ishlamasligi natijasida binoda faoliyat yuritayotgan 600 ga yaqin xodim, 2 mingdan ziyod radioeshittirish va ko‘rsatuvlarda ishtirok etuvchilar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa yoshdagi xodimlar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Bundan tashqari, binoning yuqori qavatlariga chiqish uchun nogironligi bo‘lganlarga zarur bo‘lgan qulayliklar — panduslar, maxsus to‘siqlar va nogironlar aravachasi uchun ko‘targich uskunalar mavjud emas. Bu esa mehnat unumdorligi va mehmonlarga ko‘rsatiladigan xizmat sifatiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani qayd etilgan
Shuningdek, Toshkent radioeshittirish uyi mutasaddilarining takroriy murojaatlariga qaramay, liftni yangilash yoki muqobil infratuzilmani joriy etish yuzasidan amaliyotda tegishli choralar ko‘rilmagan.
Senator so‘rovida ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida lift tizimini zamonaviy talablar va xavfsizlik meʼyorlariga mos holda yangilash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida asoslangan maʼlumot taqdim etish so‘ralgan.
Avvalroq Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga issiqxona xo‘jaliklari rivoji va bu yo‘nalishda uchrayotgan tizimli muammolar yuzasidan so‘rov yuborgan edi.