Janubiy Koreyaning Korea District Heating Corporation (KDHC) kompaniyasi o‘z isitish texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Korea Times xabar berdi.

Kompaniya bosh direktori Chon Yon Ki o‘tgan hafta boshida O‘zbekistonning Seuldagi elchisi Alisher Abdusalomov bilan uchrashdi. Tomonlar K-Heating tashabbusi doirasida Yangi Toshkent va boshqa shaharlarda zamonaviy isitish tizimlarini joriy etish rejalarini muhokama qildi.

“Biz Yangi Toshkentda ekologik toza K-Heating tizimini muvaffaqiyatli yaratish uchun Koreya tajribasi va texnologiyalarini taqdim etishga tayyormiz”, — dedi Chon Yon Ki.

KDHC O‘zbekistondagi loyihalar ustida ishlash uchun maxsus guruh tuzgan. U mahalliy operatorlarga issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha maslahat beradi va infratuzilmani rejalashtirish bo‘yicha yordam ko‘rsatadi.

Shuningdek, kompaniya koreyalik eksportchilar uchun mutaxassislar ishtirokidagi davra suhbatlarini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, kompaniya rahbari o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash uchun maxsus o‘quv dasturini (K-Heating Learning Program) ishga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Kyongido provinsiyasining Pangyo shahridagi KDHCga qarashli issiqlik elektr stansiyasiga tashrif buyurdi. Mehmonlar boshqaruv markazidagi isitish infratuzilmasining operatsion imkoniyatlari bilan tanishdi.

Nashrning ta’kidlashicha, K-Heating loyihasi KDHC’ning Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bozorlariga yo‘naltirilgan “Shimoliy biznes strategiyasi"ga kiritilgan. Uning doirasida kompaniya mintaqadagi ishtirokini oshirish va “shaharlarni energiya tejamkor rivojlantirish” uchun namuna sifatida Koreya isitish texnologiyalarini ilgari surishni rejalashtirmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda gaz, issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun subsidiyalar ajratish 2029-yilgacha davom etishi haqida yozgandi. 2024-yil dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 2028-yildan boshlab gaz va elektr energiyasini subsidiyalashni to‘xtatishga va’da bergan edi.