Avvalroq O‘zbekiston AQShdan paxta import qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bu qarorni o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining jahon premium bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash zarurati bilan izohladi. Vazirlik Tashqi savdo departamenti rahbari Inomjon Abdurahmonovning aytishicha, Amerika paxtasi “maxsus buyurtmalarni bajarish” uchun qo‘llaniladi.
Alohida nav
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston har yili 1−1,15 mln tonna paxta tolasi ishlab chiqaradi va bu hajmning barchasi allaqachon mahalliy fabrikalarda qayta ishlanadi. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda mamlakatda ko‘plab yangi to‘qimachilik korxonalari ishga tushirildi va ularning umumiy quvvati tez sur‘atlarda oshmoqda. Natijada fabrikalarning o‘rtacha quvvatdan foydalanish darajasi hozircha 75% atrofida.
Foydalanilmagan quvvatlarni aynan qo‘shimcha xom ashyo hisobiga ishga solish mumkin. Import qilinadigan paxta faqat yuqori sifat va sertifikatlashning xalqaro standartlari talab qilinadigan ishlab chiqarish liniyalari va shartnomalarga yo‘naltiriladi.
AQShdan keladigan paxta tolasi barqaror yuqori sifati bilan mashhur bo‘lib, U.S. Cotton Trust Protocol — yetkazib berish zanjirini standartlashtirish va kuzatishning zamonaviy tizimiga mos keladi. Sertifikatlangan amerika xom ashyosidan foydalanish yakuniy mahsulotni “Made with U.S. Cotton” degan yorliq bilan belgilash huquqini beradi.
Bir qator yirik brendlar uchun bu hamkorlikning majburiy shartidir. Masalan, Levi‘s, Ralph Lauren, PVH, Puma, Gap, Tesco kabi kompaniyalar kolleksiyalarning bir qismi ushbu dasturga kiruvchi paxtadan tayyorlanishini talab qiladi. Shunday qilib, Amerika paxtasini xarid qilish o‘zbek fabrikalariga ilgari imkoni bo‘lmagan global brendlar bilan shartnomalar tuzish yo‘lini ochadi.
Sotib olinadigan xomashyo dunyoga mashhur Strict Middling paxta navi hisoblanadi. Jahon bozorida bu navning ishonchli yetkazib beruvchilari sifatida AQSh, qisman Avstraliya va Braziliya tan olingan.
“O‘zbekiston uchun esa AQShdan Strict Middling partiyasini import qilish milliy to‘qimachilik sanoati nufuzini oshirish va premium segmentga chiqish yo‘lidagi bevosita qadam hisoblanadi”, — deb yozgan ISSV vakili.
Strict Middling navini hozircha mamlakatda yetishtirish imkoni yo‘q. Bunday agrotexnologik o‘zgarishlar tez amalga oshirilmaydi — mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bunga kamida 5 yil davomli tinimsiz mehnat kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, Strict Middling navi faqat muayyan tabiiy-iqlim sharoitlarida va tolani qayta ishlash texnologiyalarida hosil bo‘ladi. Paxtaning sifati — uning uzunligi, mustahkamligi, bir xilligi va rangi — bevosita iqlimga, quyosh nuri miqdoriga va hosil pishish hamda yig‘im-terim davridagi namlik darajasiga bog‘liq.
Xarid shartlari
Amerika paxtasini xarid qilish AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligining GSM-102 dasturi doirasida rejalashtirilmoqda. Bu kredit kafolatlari mexanizmi bo‘lib, unga ko‘ra o‘zbek korxonalari xom ashyoni 12−18 oygacha to‘lovni kechiktirish sharti bilan olishi mumkin.
Amerika tomoni bitim summasining 98% igacha bo‘lgan qismini sug‘urtalaydi va ishlab chiqaruvchilarga paxtadan foydalanish, keyin esa kelajakdagi eksport tushumidan qiymatini to‘lash imkonini beradi.
ISVV vakili ta‘kidlashicha, kompaniyalarda “eksport shartnomalari mablag‘larining aylanishi hisobiga ketma-ket 2−3 ta ishlab chiqarish siklini bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi”.
Kechiktirilgan to‘lov sxemasi (12−18 oy) doirasida xom ashyo xarid qilish fabrikalarga o‘z mablag‘larini chalg‘itmasdan quvvatlarni ishga solish imkonini beradi. Zavod sifatli tolani oladi, darhol undan mahsulot ishlab chiqadi, eksport qiladi va faqat shundan so‘ng — tushgan tushumdan — paxta uchun to‘lov qiladi. Bu ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun juda qulay: eksport shartnomalaridan keladigan mablag‘lar aylanmasi hisobiga ketma-ket 2−3 ishlab chiqarish siklini bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining jahon bozorining premium segmentlariga chiqishi faqat alohida fabrikalar darajasida emas, balki mamlakat miqyosida ham foyda keltiradi. GSP+ imtiyozlarini olish Yevropa Ittifoqi kabi murakkab bozorlar uchun O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini oshirishga imkon berdi — qisqa vaqt ichida YeIga eksport hajmi taxminan $50 mlndan $80 mlnga o‘sdi.
Kiyim-kechak eksportchilari oldingi qatorlarida bo‘lish O‘zbekistonning eksport obro‘sini yuksalishiga olib keladi.
“Bu esa logistika va dizaynga ham ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi. Nike yoki H&M kabi brendlar uchun yetkazib beruvchi bo‘lish — bu “yuqori liga"da o‘ynash demakdir, va bunday darajadagi reklama juda katta ahamiyatga ega”, — deb yozgan Inomjon Abdurahmonov.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev to‘qimachilik klasterlarining fermerlar oldida qarzi juda katta ekanligini aytgandi.