Buxoro viloyatidagi 5 ming xonadonda issiqxonalar tashkil etiladi. Bu haqda prezident raisligida 12-avgust kuni viloyatda islohotlar natijadorligi va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.

Oxirgi sakkiz yilda viloyatga $8 mlrddan ortiq investitsiya jalb etildi. Sanoat sohasida 6 mingta yangi korxona ochildi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 6 barobardan ziyod oshdi. Yillik sayyohlar soni 1,7 mln nafarga yetdi.

2025-yilning 6 oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,3% ga oshdi. 198 ta yangi sanoat korxonasi tashkil topdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 6,4% ga o‘sdi. Taqdimotda mutasaddilar yangi tuzilgan “Islohotlar shtabi” doirasidagi loyihalar to‘g‘risida axborot berdi.

Taʼkidlanishicha, turkiyalik tadbirkorlar Peshku tumanida grafit qazib olish va qayta ishlashga qiziqish bildirgan. Vetnam kompaniyasi zamonaviy turar joy, Hindiston korxonasi jarrohlik markazi qurishni rejalashtirgan. 217 gektar maydonda 260 ta loyihani amalga oshirib, 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Umuman, viloyatda $1,7 mlrdlik 21 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 32 ming ish o‘rni, $180 mlnlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident hudud iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Xususan, Peshku tumanida aholiga ijaraga berilgan yerlarda arzon issiqxonalar qurib, eksportbop ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tajribani ommalashtirib, viloyat bo‘yicha qo‘shimcha 5 ming xonadonda shunday issiqxonalar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Shofirkon, G‘ijduvon, Peshku va Buxoro tumanlaridagi 10 ming gektarda uzum, Vobkent, G‘ijduvon, Jondor, Romitan va Kogonda 5 ming gektarda o‘rik, gilos, anjir kabi eksportbop meva bog‘larini barpo qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Buxoroda xorijlik investorlarni jalb etib, savdo va ko‘lgilochar park ochish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda 2 ta yirik neft-gaz korxonasi bor, yana biri barpo etilayapti, 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari qurilishi jadallashgan. Bu majmualar atrofida kichik-kichik korxonalarni joylashtirib, investitsiya, sanoat va eksport hajmini oshirish mumkinligi aytildi.

Spot, avvalroq, Samarqand viloyatidagi 115 gektar maydonda $472 mlnlik loyihalar bilan sanoat zonasi tashkil etilishi haqida yozgan edi.