Joriy yilning iyul oyida Markaziy Osiyodagi eng yirik bank guruhi bo‘lgan Qozog‘istonning Halyk Bank banki O‘zbekistonning Click to‘lov platformasining 49% ulushini $176,4 mlnga sotib olganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Click aksiyadorlari Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi Tenge Bank’ning 49% ulushini $60,76 mlnga sotib olishga kelishib oldi. Ushbu o‘zaro bitim O‘zbekiston xususiy sektoridagi eng yirik bitimlardan biri bo‘lib, mintaqadagi an’anaviy banklar va fintech kompaniyalari o‘rtasidagi integratsiyaning yangi bosqichini belgilaydi.

Click bosh direktori Ulug‘bek Rustamov Halyk Bank bilan strategik hamkorlik Click uchun yangi ufqlarni ochayotganini ta’kidladi.

“Endi navbatdagi bosqich. Biz chakana bankingga chiqamiz. Tenge Bank bilan birgalikda yangi avlod bankini barpo etishni boshlaymiz. Bu biz uchun yangi bozor, yangi jarayonlar va yangi sinovlar demakdir. Shu bilan birga, bu yangi imkoniyatlar hamdir” — dedi u.

Spot Gafurov, Kardash & Partners hamkorlari — Yodgor Gafurov va Aleksandr Kardash bilan bitim tuzilishi, uning mumkin bo‘lgan strategik sabablari va tomonlar uchun xavflari, baholashning adolatliligi, shuningdek, O‘zbekiston bozori va investitsiya muhiti uchun potentsial oqibatlarini muhokama qildi.

Struktura va tartibga solish

Bitim kapital almashinuvidan iborat: Halyk Bank Click kapitalining qariyb yarmiga egalik qilsa, Click egalari Tenge Bank’da xuddi shunday ulushga ega bo‘ladi. Rasman har bir tomon sherigining biznesida minoritar ishtirokchi (49%) sifatida qoladi, bu nazariy jihatdan manfaatlar muvozanatini saqlab qolish imkonini beradi. Bitimning asosiy parametrlari jadvalda keltirilgan.

Ko‘rsatkich

Qiymat

Click’dagi 49% ulushni baholash

$176,4 mln

Tenge Bankdagi 49% ulushni baholash

$60,76 mln

Click (Equity) biznesini baholash

~$360 mln

Click biznesini baholash (EV)

$370,2 mln

Click daromadi (2024)

$40,8 mln

EBITDA Click (2024)

$23,9 mln

EV / Tushum (2024)

х9,1

EV / EBITDA (2024)

х15,5

Muhim xususiyat shundaki, sheriklar o‘zlarining yuridik avtonomligini saqlab qoladilar. Bitim shunday tuzilganki, ikkala kompaniya ham mavjud korporativ tuzilmalar va litsenziyalar doirasida ishlashni davom ettiradi.

Oddiy qilib aytganda, Halyk Bank ham, Click ham to‘liq qo‘shib olinmayapti, aksincha, chuqur ulush almashinuvi bilan strategik hamkorlik o‘rnatilgan.

Click rahbariyatining ta’kidlashicha, kompaniya o‘z mustaqilligini va rivojlanish strategiyasini mustaqil ravishda belgilash imkoniyatini saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, Halyk Bank sho‘ba korxonasi Tenge Bank orqali aktivni mahalliy tartibga solish doirasidan chiqarmagan holda O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.

Bitim tuzilishi mintaqa uchun innovatsion hisoblanadi. Yakuniy yopilish 2025-yil oxirigacha O‘zbekiston va Qozog‘iston regulyatorlarining barcha ruxsatlari olingandan so‘ng amalga oshirilishi kutilmoqda.

Motivlar, strategiya va xatarlar

Bitim o‘zaro strategik manfaatlardan kelib chiqqan. Halyk Bank tez o‘sib borayotgan O‘zbekiston chakana bozoriga, Click esa yirik bankni qo‘llab-quvvatlash va bank litsenziyasiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Halyk Bank an’anaviy universal bank bo‘lib, Qozog‘iston bozoridagi korporativ segmentdagi eng yirik ishtirokchilardan biridir. Uning uchun bitimda ishtirok etishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • O‘zbekistondagi 20 mlndan ortiq chakana mijozlar bazasiga kirish imkoniyati;
  • vaqt va resurslarni tejagan holda mamlakatning fintex bozoriga tezkor chiqish;
  • o‘z bank jarayonlarini raqamlashtirishni jadallashtirish;
  • bank mahsulotlari qatorini kengaytirish, Tenge Bank mavqeini mustahkamlash va Click jamoasining fintex ekspertizasini jalb qilish orqali yangi mijozlar bazasini monetizatsiya qilish.

Bunda bank bir qator xatarlarga duch keladi, sotib olinayotgan aktivning yuqori baholanishi, integratsiya xarajatlari, shuningdek, chegaralararo tuzilmalarga qo‘yiladigan tartibga solish talablari shular jumlasidandir.

Click — O‘zbekistondagi eng yirik fintex va to‘lov xizmati bo‘lib, u to‘lovlar va superapp ekotizimini ifodalaydi. Kompaniya uchun bitim quyidagi imkoniyatlarni ochadi:

  • Tenge Bank orqali bank litsenziyasidan bilvosita foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritib, to‘lov biznesi doirasidan tezroq chiqish;
  • depozitlar, kreditlar, kartalar, BNPL va boshqa vositalar hisobiga mahsulot turlarini kengaytirish va daromadlarni diversifikatsiya qilish;
  • London birjasida ro‘yxatga olingan ommaviy bank kapitali va ekspertizasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish, bu esa biznesni kengaytirish imkonini beradi.

Click uchun potensial xatarlar qatoriga korporativ inersiya, direktorlar kengashida vakolatlarni taqsimlash muammolari, minoritar aksiyadorlar huquqlari va veto masalalari, shuningdek, hamkorlar o‘rtasidagi madaniy tafovutlar kiradi.

Bitimgacha Click asoschilari tomonidan boshqarilardi — muhim qarorlar tez va samarali qabul qilinardi. 49%lik ulushni sotib olish natijasida Halyk Bank eng yirik aksiyadorga aylanmoqda.

Bu kuchlar muvozanatini o‘zgartiradi va bir qator potensial xavflarni keltirib chiqaradi:

  • korporativ inersiya: Halyk Bank — bu ko‘p darajali kelishuvlar tizimiga ega ommaviy bank bo‘lib, bu, masalan, Click’da yangi mahsulotlarni ishga tushirishni avvalgi “startap” sur’atlariga nisbatan sekinlashtirishi mumkin.
  • direktorlar kengashida vakolatlarni taqsimlash: ehtimol, Halyk Bank kengashda kengaytirilgan vakillikka ega bo‘ladi va asosiy qarorlarning bir qismi (masalan, byudjet, investitsiyalar, moliyalashtirishni jalb qilish) birgalikda tasdiqlashni talab qiladigan “zaxiralangan” masalalarga aylanadi.
  • minoritar huquqlar va veto: e’lon qilingan aksiyadorlik shartnomasisiz Click asoschilari qaysi qarorlarni qabul qilishini va qaysi qarorlarga Halyk Bank tomonidan veto qo‘yilishini aniq baholab bo‘lmaydi. Ovoz berish, “drag-/tag-along,” “non-competite” va opsion dasturlari to‘g‘risidagi ushbu bitimning mazmunini tushunish juda muhimdir.
  • madaniy farqlar: fintexning “agile” yondashuvi va bankning yanada tartibga solingan protseduralarining birlashuvi, agar shaffof kommunikatsiya mexanizmi yo‘lga qo‘yilmasa, kelishmovchilik va jarayonlarning sekinlashuviga olib kelishi mumkin.

Shunday qilib, bitimdan keyin korporativ tuzilma murakkablashadi, Click asoschilarining moslashuvchanlikni saqlab qolish qobiliyati esa aksiyadorlik kelishuvining aniq shartlari va direktorlar kengashidagi vakolatlar taqsimotiga bevosita bog‘liq

Bitimni baholash

Har qanday M&A da narxning adolatliligi masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Click biznesining 100%ini taxminan $360 mlnga baholash, ayniqsa, boshqa kompaniyalar bilan taqqoslaganda, qiziqish uyg‘otadi. 2024-yilning moliyaviy ko‘rsatkichlari bo‘yicha (daromad $40,8 mln, EBITDA $23,9 mln) bitim multiplikatorlari taxminan x9,1 daromad va x15,5 EBITDAni tashkil etadi. Fintex sektori uchun bu Halyk Bankning kompaniya va bozorning kelajakdagi o‘sishi bo‘yicha kutilmalarini aks ettiruvchi yetarlicha yuqori koeffitsiyentlardir.

Bitim

EV
($ mln)

Выруч.
($ mln)

EBITDA
($ mln)

EV / Tushum

EV / EBITDA

Halyk — Click
(2025)

370,2

40,8

23,9

9,1

15,5

TBC — Payme
(49%, 2022)

113,7

17,5

12,5

6,5

9,1

Kaspi.kz
(joriy metrikalar)

14 500

5 870

3 070

2,47

4,72

Global ommaviy fintex

-

-

-

7,3

18,4

Ko‘rinib turibdiki, Halyk Bank — Click bitimi 2022-yildagi xuddi shunday TBC — Payme bitimidan sezilarli darajada yuqori va global ommaviy fintexlarga xos bo‘lgan baholash darajasiga qo‘yilgan.

Click’ning yuqori bahosi Halyk Bank’ning o‘sish bo‘yicha yuqori kutilmalarni qo‘ygan holda O‘zbekiston bozoriga kirish uchun mukofot to‘lashga tayyorligini ko‘rsatishi mumkin. Bunday narxning asosliligi har bir foydalanuvchi uchun to‘g‘ri keladigan qiymat ko‘rsatkichi bilan ham tasdiqlanadi.

Click tizimida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni taxminan 20 mlnga yetadi. Bu, $360 mln baholanganida, har bir foydalanuvchiga o‘rtacha $18 to‘g‘ri kelishini anglatadi.

Halyk 49% ni $176,4 mlnga sotib olganini hisobga olsak, u har bir foydalanuvchi uchun taxminan $8,8 to‘lagan. Bu raqamli bankingda mijozlarni jalb qilishning tobora ortib borayotgan xarajatlariga nisbatan, mijozlar bazasiga kirish uchun maqbul narx hisoblanadi. Halyk Bank bu summani yangi foydalanuvchilarga bank mahsulotlarini kross-sotish orqali qoplanishi mumkin. Click uchun esa bu mavjud auditoriyaning daromadliligini oshirish imkonini beradi.

Bu O‘zbekistonda fintexga qanday ta’sir qiladi

Halyk Bank va Click o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonning fintech bozorida hozirgi yetakchilar bilan raqobatlasha oladigan yangi kuchli o‘yinchini shakllantirmoqda.

Hozirdan ikkita yirik alyans ko‘zga tashlanmoqda: TBC Bank va Payme hamda Uzum ekotizimi (marketpleys, to‘lov xizmatlari, shuningdek, bankni birlashtiradi). Endi ular qatoriga bank litsenziyasi va million raqamli mijozlar bazasiga ega bo‘lgan Halyk Bank — Click tandemi ham qo‘shilmoqda.

Bunday holat foydalanuvchilar hamda savdo-servis shoxobchalari uchun raqobatni kuchaytiradi. Kichikroq fintex startaplar bosim ostida qolishi ehtimoldan xoli emas: kichikroq o‘yinchilar yo birlashishi, yoki yetakchilardan ortda qolmaslikka intilayotgan yirik banklarga qo‘shilib ketishi mumkin. TBC va Payme hamda Halyk Bank bilan Click o‘rtasidagi hozirgi hamkorlik shuni ko‘rsatadiki, bankirlar noldan boshlab rivojlanish o‘rniga, o‘z kompetensiyalarini tezda oshirish uchun moliyaviy texnologiyalarni sotib olish yoki ular bilan hamkorlik qilishni afzal ko‘rmoqdalar.

Konsolidatsiyalangan fintex-bank guruhlarining paydo bo‘lishi ham regulyatorlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bir tomondan, O‘zbekiston Markaziy banki va Qozog‘iston Moliya bozorini rivojlantirish agentligi soha rivojiga hissa qo‘shadigan xorijiy investitsiyalar hamda texnologiyalar oqimini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Boshqa tomondan, bir nechta yirik o‘yinchilarning ko‘payishi raqobat va kiberxavfsizlikni nazorat qilishni kuchaytirishni talab qiladi.

Regulyatorlar fintex uchun me’yoriy bazani yangilash ustida ko‘proq ishlaydi: ochiq banking tamoyillarini joriy etish, ma’lumotlar almashinuvi talablari, raqamli bank mahsulotlarini litsenziyalash. Bundan tashqari, kelishuvning davlatlararo xususiyati (Qozog‘iston — O‘zbekiston) ikki mamlakat regulyatorlarining ushbu integratsiyalashgan tuzilmani nazorat qilish bo‘yicha hamkorligini ko‘zda tutadi.

Bunday hamkorlikning muvaffaqiyati regulyatorlarni innovatsiyalarni moliyaviy barqarorlik bilan muvozanatlash uchun o‘xshash alyanslar bo‘yicha qoidalarni jadal ishlab chiqishga undashi mumkin.

Investitsiya muhitiga qanday ta’sir qiladi

Halyk Bank — Click bitimi tashqi investorlarga ijobiy signal hisoblanadi.

Avvalo, ularning hajmi va xalqaro ro‘yxatga kiritilgan xorijiy ishtirokchining mavjudligi O‘zbekiston bozorining yirik bitimlar uchun ochiqligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni izchillik bilan amalga oshirib, xususiylashtirish hamda chet el kapitalini jalb etishni rag‘batlantirmoqda.

Endi sarmoyadorlar xorijiy bankning mamlakat yuqori texnologiyali sektoriga muvaffaqiyatli kirib kelishining yaqqol namunasini ko‘rmoqda. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy banklar hamda xalqaro investitsiya fondlari, venchur kapitalistlarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishini oshirishi mumkin.

Shuningdek, Halyk Bank jamoat banki bo‘lib, uning qariyb 28% ulushi AQSH, Yevropa va Osiyoning yirik institutsional investorlariga to‘g‘ri keladi. Aslida, bu global fondlar Click’dagi ulushi orqali bilvosita O‘zbekiston fintexlariga sarmoya kiritadi. Agar hamkorlik muvaffaqiyatli bo‘lsa, bu xalqaro ishtirokchilarning ishonchini oshirib, raqamli banklardan tortib elektron tijoratgacha bo‘lgan boshqa loyihalarga yangi kapital mablag‘larini kiritishga turtki bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bitim qo‘shib olish emas, balki sheriklik sifatida tuzilganligi jozibador signaldir: demak, mahalliy muassislar o‘z kompaniyalari ustidan nazoratni to‘liq yo‘qotmagan holda xorijiy hamkorlarni jalb qilishlari mumkin. Bu investorlar rivojlanayotgan bozorlarda qidiradigan muvozanat hisoblanadi.

Yakunda hajmi bo‘yicha yuqori bo‘lgan xususiy bitim investitsiya muhiti yaxshilanganini ko‘rsatdi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotidagi islohotlar hamda o‘sish, shuningdek, moliyaviy infratuzilmaning rivojlanishi tufayli amalga oshirildi. Halyk Bank ortidan boshqa yirik xorijiy o‘yinchilar ham O‘zbekistonga kelishini kutish mumkin.

Fintexning banklar bilan yaqinlashuvi

Halyk Bank — Click bitimi umumiy tendensiyani namoyish etadi: klassik banklar hamda fintex kompaniyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda. Markaziy Osiyoda moliyani raqamlashtirish tobora jadallashib bormoqda — mijozlar to‘lovlar, kreditlar va xaridlar uchun mobil ilovalarni afzal ko‘rishmoqda.

Litsenziya va resurslarga ega an’anaviy banklar moslashuvchan fintex xizmatlari bilan raqobatlashishga majbur bo‘lmoqda. Bunga javoban mintaqaning ko‘plab banklari o‘zlarining raqamli mahsulotlarini ishga tushirmoqda yoki hamkorlik, birlashish yo‘lidan bormoqda.

Click va Halyk Bank o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston uchun shunga o‘xshash loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi “bank + fintech” muvaffaqiyatli modeliga misol bo‘lishi mumkin. Uzum kabi eng yirik mahalliy ishtirokchilar allaqachon bank va nobank xizmatlarni birlashtirgan holda ekotizimlarni yaratmoqda.

Bozorda “Open Banking”, raqamli identifikatorlarni rivojlantirishdan tortib, kredit skoringi uchun sun’iy intellekt xizmatlarini joriy etishgacha bo‘lgan raqamli transformatsiya kutilmoqda. Shunday ekan, Halyk Bank va Click o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat tijorat hisob-kitobi, balki butun mintaqaning bank sohasi qanday rivojlanayotganini ham ko‘rsatadi.

Fintex va an’anaviy bank sohasi o‘zaro vakolatlar almashish orqali tobora yaqinlashmoqda: banklar — ishonchlilik va tartibga solish talablariga muvofiqlikni, fintex — innovatsiyalar, joriy etish tezligini taqdim qilmoqda. Ularning birlashuvi zamonaviy auditoriya talablariga javob beradigan mahsulotlarni tezroq yaratish imkonini beramoqda.

Transchegaraviy imkoniyatlar

Mahalliy bozorga ta’sir qilishdan tashqari, bitim mintaqaviy ahamiyatga ham ega. Qozog‘iston va O‘zbekiston moliya bozorlari yaqinlashmoqda: Halyk Bank va Click Markaziy Osiyodagi birinchi yirik transchegaraviy bank va fintech alyansidir. U mintaqa mamlakatlari o‘rtasida moliya sohasida yanada yaqinroq integratsiyalashuv uchun katalizator bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Birinchi navbatda, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi transchegaraviy to‘lovlar va o‘tkazmalar osonlashishi mumkin. Ikkala yurisdiksiyada ham mavjud bo‘lgan holda, Halyk Bank va Click infratuzilmani texnik jihatdan birlashtirishlari mumkin — masalan, o‘zlarining to‘lov tizimlari, hamyonlari va kartalarini bog‘lashlari mumkin.

Bu chegaraning har ikki tomonida biznes yuritayotgan yoki ishlayotgan mijozlar uchun hisob-kitoblarni osonlashtiradi, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari narxini pasaytirishi mumkin. Ikki tomonlama savdoning o‘sishi fonida umumiy to‘lov makonini yaratish o‘z vaqtida qilingan qadam bo‘lib ko‘rinadi.

Ikkinchidan, ushbu sheriklik Markaziy Osiyo iqtisodiy integratsiyasining umumiy tendensiyasiga mos keladi. 2016-yildan boshlab O‘zbekiston mintaqaviy hamkorlikni yanada faollashtirdi. Aviatsiyadan tortib energetikagacha bo‘lgan turli sohalarda qo‘shma loyihalar paydo bolmoqda. Moliyaviy sektor ham bundan mustasno emas: mintaqa mamlakatlari tartibga solishni uyg‘unlashtirish, ma’lumotlar almashinuvi (masalan, “pul yuvish"ga qarshi kurashish uchun), shuningdek, bank litsenziyalarini o‘zaro tan olish masalalarini tobora ko‘proq muhokama qilmoqda.

Agar Halyk Bank — Click bitimi o‘zini oqlasa, u mintaqadagi boshqa moliyaviy guruhlarni Markaziy Osiyoda xalqaro fintech alyanslarini shakllantirish orqali o‘z mamlakatlaridan tashqarida hamkorlar izlashga undashi mumkin. Bu mintaqaviy bank mahsulotlarining paydo bo‘lishini tezlashtiradi — masalan, bir nechta mamlakatlarda qabul qilinadigan yagona elektron hamyonlar yoki transchegaraviy ishlaydigan kredit xizmatlari paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Qozog‘istonning moliyaviy giganti Halyk Bank’ning O‘zbekiston fintech’larida ishtirok etishi mintaqadagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkin. Boshqa yirik o‘yinchilar (masalan, Qozog‘istonning Kaspi.kz yoki Rossiya to‘lov tizimlari) bozor ulushini boy bermaslik uchun ekspansiyani faollashtirishlari mumkin. Shunday qilib, mintaqaviy darajada raqobat paydo bo‘ladi. Bu esa kelajakda foydalanuvchilar uchun manfatli bo‘ladi — ular Markaziy Osiyoning qayerida bo‘lishidan qat’i nazar, yanada ilg‘or hamda arzon moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.

Asosiy natija

Halyk Bank va Click o‘rtasidagi strategik hamkorlik bir vaqtning o‘zida bir nechta tendensiyalarni aks ettiruvchi muhim voqea ga aylandi: investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi ortishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishi va fintechning an’anaviy bank biznesi bilan yaqinlashuvi. Bitim manfaatlar muvozanatini saqlab, sinergiya uchun yo‘l ochib bergan puxta o‘ylangan tuzilma — o‘zaro ulushlar almashinuvi bilan ajralib turadi.

Halyk Bank uchun hamkorlik — bu yangi bozorda mustahkam o‘rnashib, raqamli yutuq uchun texnologiyalarga ega bo‘lish imkoniyati bo‘lsa, Click uchun — minimal kechikishlar bilan to‘liq funksional fintex-bankka aylanishdir. Kompaniyaning bahosi yuqori bo‘lib, o‘sish salohiyati bilan o‘zini oqladi: investor kelajakda bozorda ustunlik qilish uchun avans to‘laydi.

Qisqa muddatda Halyk Bank — Click bitmi O‘zbekistonda raqobatni kuchaytirib, sohaning konsolidatsiyasini tezlashtiradi hamda regulyatorlar uchun sinov bo‘ladi. Uzoq muddatli istiqbolda moliyaviy xizmatlar bir nechta mamlakatlarda uzluksiz ishlaydigan mintaqaviy fintex integratsiyasiga asos solishi mumkin.

Eng muhimi, Halyk Bank va Click o‘rtasidagi kelishuv Markaziy Osiyo fintech bozori yirik strategik bitimlar haqiqatga aylanadigan bosqichga kirganini ko‘rsatadi. Bu pretsedent, shubhasiz, O‘zbekiston va butun mintaqaning moliyaviy sohasi raqamli transformatsiyasini tezlashtirib, yuqori e’tibor va kapitalni jalb qiladi.