Oxirgi besh yilda to‘qimachilik tarmog‘ida $3,5 mlrdlik 396 ta yirik korxona ishga tushdi, ishlab chiqarish $10 mlrdga yetdi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Taʼkidlanishicha, sohada 500 mingdan ortiq odam band. Bu sanoatda band jami aholining 20%iga teng. Shu bilan birga, sohada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari sekinlashishi kuzatilmoqda, bu esa xalqaro vaziyatni inobatga olgan holda ishlab chiqarish, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Jahonda paxta kotirovkalari 2022-yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarmoqda. So‘nggi uch yilda narx tonnasiga $3 mingdan $1,5 mingga tushdi.

Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun 2022−2023-yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya berildi.

Davlat rahbari jahon bozorida narxning keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.

To‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan $2,2 mlrd qarzdorligi bor. Kreditlarning 90−95%i xorijiy valyutada, atigi 16% korxona xalqaro sertifikatga ega.

“Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?”, — deya savol qo‘ydi prezident.

Har bir viloyatda 10−15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2−2,5 barobar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga eʼtiroz bildirildi.

Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar to‘qimachilik mahsulotlari eksportiga yana-da faol ko‘maklashishi muhimligi qayd etildi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev to‘qimachilik klasterlarining fermerlar oldida qarzi juda katta ekanligini aytgandi.