Avvalroq prezident raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda jahonda savdo qoidalarining tez o‘zgarishi yoki logistikadagi uzilishlar to‘xtamayotgani sharoitida to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida yondashuvlar zarurligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan prezident Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishini e’lon qildi. Unga investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.
Bunda, agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘ladi. Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi.
Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ jamg‘arma orqali beriladi. Unga esa $200 mln ajratiladi.
Agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish choralarini ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini 2 barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish vazifasi berildi.
Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda to‘qimachilikni 2030-yilgacha rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarni kiritish vazifasi qo‘yildi.
“Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda budjetga 1 so‘m qo‘shimcha tushum qilish qancha qiyin bo‘layotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, 7 trillion so‘m bo‘ladi. Endi shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak”, — dedi davlat rahbari.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Avvalroq Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev to‘qimachilik klasterlarining fermerlar oldida qarzi juda katta ekanligini aytgandi.