Rossiyada Telegram va WhatsApp messenjerlaridagi ovozli qo‘ng‘iroqlar bilan bog‘liq muammolar ushbu platformalarning o‘tkazilayotgan test blokirovkalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.
Xorijiy messenjerlarda ovozli va video qo‘ng‘iroqlar bilan bog‘liq muammolar haqidagi shikoyatlar 11-avgust kuni paydo bo‘la boshlagan. Kod Durova nashri aniqlashicha, qo‘ng‘iroqlar aloqa operatori yoki provayderidan qat’i nazar uzilishlar bilan ishlayapti.
Telekom-bozordagi Kommersant manbasi muammolar Telegram va WhatsApp’dagi qo‘ng‘iroqlarni tanlab bloklash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. Test sinovlari 1-avgustdan boshlangan.
Nashr suhbatdoshining ma’lum qilishicha, Raqamli texnologiyalar vazirligi o‘tgan hafta aloqa operatorlarining messenjerlardagi qo‘ng‘iroqlarni cheklash bo‘yicha fikrlarini to‘plagan, biroq “ular o‘rtasida yakdillik bo‘lmagan”.
Manbalardan biri aytishicha, bunday tashabbus operatorlarning ovozli trafik orqali daromadni oshirish istagiga bog‘lanmoqda, ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Yana uchta manbaning ta’kidlashicha, messenjerlarda qo‘ng‘iroqlarni cheklash masalasi muhokama qilingan, ammo bu harakatga ko‘rsatma sifatida emas.
MegaFon kompaniyasi Kommersant’ga ma’lum qilishicha, ularning tarmog‘i barqaror ishlamoqda, muammolar esa “tashqi sabablar” tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Vimpelkom (Beeline) ham o‘z tarmog‘ida hech qanday cheklovlar yo‘qligini tasdiqladi.
Avvalroq Spot Rossiyada Telegram va WhatsApp’ni o‘chirish rejalashtirilmayotgani haqida yozgandi.
Davlat Dumasi vakili messenjerlar mamlakat hududida faoliyatini davom ettirayotganini, biroq, ular Rossiya qonunlarini buzayotganini ta’kidlab o‘tdi.