Siri ilovalar bilan ishlashni va ularni boshqarishni o‘rganadi. Bu haqda Bloomberg mutaxassisi Mark Gurman ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Apple ovozli yordamchini iPhone’ning to‘laqonli boshqaruv nuqtasiga aylantirishi mumkin bo‘lgan App Intents yangilanishini tayyorlamoqda.

Siri muayyan suratni topishi, uni tahrirlashi va yuborishi, shuningdek, marketpleys katalogini varaqlashi va savatga mahsulot qo‘shishi yoki ekranga tegmasdan biror xizmatga kirishi mumkin bo‘ladi.

“Aslida, Siri ilovalarni xuddi siz kabi — ularning interfeyslari ichida kerakli aniqlik bilan boshqara oladi”, — dedi Gurman.

Gurmanning ta’kidlashicha, agar Apple yuqoridagi barcha narsalarni haqiqatan ham joriy etsa, u 15 yil avvalgi va’dalarini bajargan bo‘ladi.

Kompaniya ishlab chiqarishni rejalashtirgan barcha aqlli uy qurilmalari ham shu yangi texnologiyaga bog‘liq bo‘ladi.

Funksiyani bahorda, Siri infratuzilmasining katta yangilanishi bilan birga taqdim etish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda ishlab chiquvchilar ovozli yordamchi va ilovalar o‘rtasidagi moslashuvni eng yuqori aniqlikka erishtirishga harakat qilmoqdalar. Bunda tibbiyot va bank xizmatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangilangan App Intents allaqachon sinovdan o‘tkazilmoqda. Siriga Uber, Threads, Amazon, YouTube, Facebook, WhatsApp va Apple’ning o‘rnatilgan ilovalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lishni o‘rgatishmoqda.

Ehtimol, Siri bank va “boshqa sezgir” xizmatlar bilan umuman muloqot qilmaydi yoki juda cheklangan tarzda muloqot qiladi.


Avvalroq Spot Apple Siri maxfiyligi haqidagi da’voni hal qilish uchun $95 mln to‘lashi haqida yozgandi.

Gap foydalanuvchilar maxfiyligini buzgan deb ta’kidlangan Siri ovozli yordamchisi bilan bog‘liq jamoaviy da’voni hal qilish haqida ketmoqda.