Joriy mavsumda O‘zbekistonda olma hosili o‘tgan yilgidan sezilarli darajada past bo‘lishi kutilmoqda, bu esa 2025−2026-yillarning kuz-qish-bahor mavsumida ushbu mahsulot importining oshishiga olib kelishi mumkin, deya ta’kidlaydi EastFruit mutaxassislari.

Intensiv bog‘dorchilik bo‘yicha ta’lim platformasi “Mevali bog‘” asoschisi va agronom-maslahatchi Mansur Yo‘ldoshevning fikricha, bunday hosilning kamayishiga asosiy sabab yirik bog‘larda mevalarning davriy hosil berishidir.

“Umuman olganda, mamlakat bo‘yicha joriy mavsumda olma hosili o‘tgan yilga nisbatan 20−30% ga kam bo‘lishi kutilmoqda. Ertapishar navlarda meva berish davriyligi kamroq darajada, o‘rtapishar navlarda esa sezilarli darajada kuchliroq namoyon bo‘ldi, ayniqsa Golden va Gala navlarida. Jeromin va Fuji navlarida vaziyat bir xil emas: bog‘larning taxminan yarmida davriylik mavjud, qolgan qismida esa bunday holat kuzatilmaydi”, — deya tushuntirdi mutaxassis.

Bundan tashqari, Mansur Yo‘ldashevning aytishicha, joriy yil bahorida yog‘ingarchilik miqdorining nisbatan pastligi va ayrim bog‘larda suv tanqisligi olmalarning sifatiga, ayniqsa ularning o‘lchamiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, bu yil umumiy hosil tarkibida quyoshdan kuygan olmalar ulushining ortishi kutilmoqda.

EastFruit tahlilchilari so‘nggi yillarda O‘zbekistonga olma importi hajmining izchil o‘sish tendensiyasini bir necha bor ta’kidlab kelmoqda.

Buning asosiy omillari ichki bozorning erkinlashuvi, ushbu mahsulotga import bojlarining bekor qilinishi, aholi real daromadlarining ko‘tarilishi va yil davomida meva iste’mol qilish odatining shakllanishi hisoblanadi.

Ehtimol, joriy mavsumda olma hosilining kutilayotgan kamayishi 2025−2026-yillarning kuz-qish-bahor davrida ushbu mahsulotning O‘zbekistonga import hajmi oshishiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston tarvuz eksporti bo‘yicha yillik rekordni yangilagani haqida yozgandi.

May-iyun oylarida O‘zbekiston 127,4 ming tonna yangi tarvuz eksport qilgan bo‘lib, bu avvalgi rekord ko‘rsatkichdan 22%ga ko‘pdir.