Telegram messenjeri Rossiya hududida uning faoliyati qisman cheklangani haqidagi ma’lumotga tezkor munosabat bildirdi.
Messenjer o‘z platformasidan zararli maqsadlarda foydalanishga, jumladan, qo‘poruvchilik, zo‘ravonlik va firibgarlikka chaqiriqlarga qarshi kurashayotganini ma’lum qildi. RBC matbuot xizmati bayonotidan iqtibos keltirdi:
“Sun'iy intellekt maxsus vositalaridan foydalanadigan moderatorlar platformaning ommaviy bo‘limlarini faol kuzatib boradi va shikoyatlarni qabul qiladi. Ular har kuni millionlab zararli xabarlarni o‘chiradi”, — deyiladi xabarda.
Messenjer qo‘ng‘iroqlar funksiyasining imkoniyatlariga e’tibor qaratdi va Telegram birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroqlar uchun batafsil maxfiylik sozlamalarini joriy etganini ta’kidladi: “Bu har bir foydalanuvchiga kimdan qo‘ng‘iroq qabul qilishni o‘zi belgilash yoki qo‘ng‘iroqlarni butunlay o‘chirish imkonini beradi”.
Matbuot xizmati jurnalistlarga bergan izohida Rossiya hududida Telegram qo‘ng‘iroqlarini bloklash bilan bog‘liq vaziyatga o‘z munosabatini bildirmadi.
WhatsApp messenjeri matbuot xizmati ham Rossiya hududida uning faoliyati qisman cheklanishi haqidagi xabar munosabati bilan bayonot berdi.
Messenjer jamoasi platforma orqali qo‘ng‘iroqlarni to‘xtatishni “Rossiya hukumatining WhatsApp’ni bloklashga urinishi” deb baholadi va WhatsApp maxfiy ekanligini, standart holatda boshidan oxirigacha shifrlash bilan himoyalanganligini ta’kidladi.
“WhatsApp hukumatlarning odamlarning xavfsiz muloqot qilish huquqini buzishga bo‘lgan urinishlariga qarshi turadi — aynan shu sababli Rossiya WhatsApp’ni mamlakatdagi 100 milliondan ortiq foydalanuvchilarimiz uchun to‘sishga harakat qilmoqda”, — deyiladi Whatsapp bayonotida.
Messenjer vakillari, ular “boshidan oxirigacha shifrlash bilan himoyalangan muloqot butun dunyo bo‘ylab, shu jumladan Rossiya aholisi uchun ham ochiq qolishi” uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etishlarini qo‘shimcha qildilar.
Telegram va WhatsApp’dagi qo‘ng‘iroqlar bloklangani haqidagi ma’lumot 13-avgust kuni kechqurun Roskomnadzor tomonidan rasman tasdiqlandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va Davlat dumasi Telegram va WhatsApp faoliyatini qisman cheklash bilan bog‘liq vaziyatni batafsil tushuntirib berdi.