So‘nggi uch hafta ichida O‘zbekistonda tarvuzning ulgurji narxlari 2,5 barobarga oshdi va ushbu mahsulotning joriy narxlari yilning shu davri uchun rekord darajada yuqori bo‘ldi.

EastFruit mutaxassislarining ta’kidlashicha, bunga joriy mavsumda o‘rtapishar tarvuz ekiladigan maydonlar qisqargani asosiy sabab bo‘lgan.

Narxlar monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 18-iyuldan 8-avgustgacha tarvuzning o‘rtacha ulgurji narxi kilogrammi uchun 1000 so‘mdan 2500 so‘mgacha ($0,08 dan $0,20 gacha) oshdi va joriy ulgurji narxlar o‘tgan yilgi darajadan 4 barobardan ko‘proq oshdi.

Bundan tashqari, joriy yilning 8-avgust holatiga ko‘ra, tarvuzning o‘rtacha ulgurji narxi 2021−2023 yillarning shu sanasiga nisbatan 1,7 baravardan 2,8 baravargacha yuqori.

narx, tarvuz, eastfruit

O‘tgan yilning iyul oyi o‘rtalaridan sentabr oyi o‘rtalarigacha O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida tarvuz bozorida butunlay teskari vaziyat kuzatildi.

Bu mahsulot narxlari rekord darajada past bo‘ldi, natijada ko‘plab dehqonlar hosilni dalalarda yig‘ishtirmay qoldirishga majbur bo‘ldi.

Ba’zi ishlab chiqaruvchilar esa tarvuz hosilini faqat chorva mollariga yem qilish uchungina yig‘ib olishdi. O‘sha paytda EastFruit bu mahsulot narxining rekord darajada pastligining asosiy sabablarini yoritgan edi.

Bozor ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, o‘tgan mavsumda O‘zbekistonda tarvuz bozorida kuzatilgan vaziyat ko‘plab fermerlarni bu yil poliz ekinlarining ushbu turini yetishtirishdan voz kechib, boshqa ekinlarga o‘tishga majbur qildi.

Natijada iyul oyidan boshlab ichki bozorga kirib kelayotgan o‘rtapishar tarvuz ekin maydonlari sezilarli darajada qisqardi, bu esa joriy yilning iyul oyining ikkinchi yarmi — avgust oyining birinchi o‘n kunligida narxlarning keskin oshishiga asosiy sabab bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston tarvuz eksporti bo‘yicha yillik rekordni yangilagani haqida xabar berilgandi.

EastFruit mutaxassislarining ta’kidlashicha, joriy yilning faqat ikki oyi — may va iyun davomida ushbu mahsulotning eksport hajmi natural ko‘rinishda oldingi yillarning yillik ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada oshib ketdi.

Avvalgi bir necha yillarda bo‘lgani kabi bu yil ham O‘zbekistondan yangi hosil tarvuzini ommaviy eksport qilish may oyida boshlandi.

Xalqaro savdo statistikasi va Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy mavsumning dastlabki ikki oyi — 2025-yilning may-iyun oylarida O‘zbekiston 127,4 ming tonna yangi tarvuz eksport qilgan.

Bu 2023-yil yakunlari bo‘yicha o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 22%ga ko‘pdir. Shunday qilib, joriy mavsumning atigi ikki oyida yangi tarixiy maksimumga erishildi.


Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda joriy yilgi olma hosili kam bo‘lishi kutilayotgani haqida xabar bergandi.

Bahorda yog‘ingarchilik miqdorining nisbatan pastligi va ayrim bog‘larda suv tanqisligi olmalarning sifatiga, ayniqsa ularning o‘lchamiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.