Yandex Uzbekistan Mashinali o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar maktabiga (Yandex ML School) qabul boshlanganini e’lon qildi.

Ta’lim offlayn formatda Toshkentda o‘tkazilib, ikki semestrlik intensiv tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi.

Dastur fundamental yondashuv asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni Mashina o‘rganish bo‘yicha yetakchi o‘quv markazlaridan biri — Yandex’ning “Ma'lumotlarni tahlillash maktabi” (MTM) mutaxassislari tayyorlagan.

O‘qituvchilar orasida Yandex ekspertlari, O‘zbekistonning yetakchi universitetlari professorlari va ML sohasidagi tajribali mutaxassislar bor.

Yandex ML School ta’lim tizimi matematika, mashinani o‘rganish, statistika va algoritmlar asosiga qurilgan. Dastur amaliyotga yo‘naltirilgan: talabalar tarmoqdan olingan haqiqiy masalalarni yechadilar, katta hajmli uy vazifalarini bajaradilar, o‘qituvchilardan muntazam fikr-mulohaza oladilar, amaliy vorkshoplar va industrial uikendlarda ishtirok etadilar.

Darslar ingliz tilida olib boriladi, bu esa xalqaro darajadagi kasbiy materiallarga yo‘l ochadi va bitiruvchilarning jahon mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.

Haftalik yuklama 20−30 soatni tashkil qiladi: mashg‘ulotlar kechqurun o‘tkaziladi, qolgan vaqt mustaqil ishga ajratiladi.

Arizalar 10-sentabrga qadar qabul qilinadi. Tafsilotlar bilan maktab saytida tanishish va ro‘yxatdan o‘tish mumkin.


Avvalroq Spot Yandex Uzbekistan Python dasturlash onlayn kursini ishga tushirayotgani haqida yozgandi.

Kurs 14−17 yoshli maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Eng yaxshi bitiruvchilar tanlovsiz Yandex dasturlash maktabiga o‘qishga kirishlari mumkin.