Apple sun’iy intellektli qurilmalarning keng qamrovli liniyasi, jumladan uy robotlari, yangi xavfsizlik tizimi, aqlli displey va butunlay qayta ishlangan Siri ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Bloomberg kompaniyadagi manbalarga asoslanib xabar bermoqda.

Asosiy loyiha — J595 kod nomli robot bo‘lib, u tashqi ko‘rinishidan mexanik “qo‘l"ga o‘rnatilgan iPad mini’ga o‘xshaydi. Bunday qurilma xona ichida harakatlanishi, foydalanuvchini kuzatishi va u bilan real vaqt rejimida muloqot qilishi mumkin.

Uni stol yoki oshxona yuzasiga joylashtirish mumkin, bu yerda u vazifalarni bajarishda, kontent iste’mol qilishda yoki uy jihozlarini boshqarishda yordam beradi. Qurilmaning 2027-yilda chiqishi kutilmoqda.

Asosiy xususiyatlardan biri generativ sun’iy intellekt va katta til modellari (LLM) texnologiyalari asosida yaratilgan Siri’ning yangi versiyasi bo‘ladi.

Ovozli yordamchi vizual interfeysga ega bo‘ladi — Apple sinovlarda Finder yoki Memoji logotipini eslatuvchi animatsiyali yuzdan foydalanmoqda.

Siri ChatGPT’ning ovozli muloqot rejimi kabi tabiiyroq suhbatlar olib borishi mumkin bo‘ladi va Apple’ning butun uy ekotizimining vizual markaziga aylanadi.

J595'dan tashqari, Apple boshqa turdagi robotlarni ham ishlab chiqmoqda. Ulardan biri — Amazon Astro‘ga o‘xshash g‘ildirakli mobil robot. Shuningdek, insonsimon robotlar va ishlab chiqarish uchun sanoat manipulyatorlari kabi yanada ulkan g‘oyalar muhokama qilinmoqda.

Robotlarni ishga tushirishdan oldin kompaniya 2026-yilda Google Nest Hub’ni eslatuvchi kvadrat shaklidagi aqlli uy ekranini chiqarishni rejalashtirmoqda.

U yangi operatsion tizimdan foydalanadi, aqlli uy boshqaruvi, musiqa, video qo‘ng‘iroqlar, eslatmalar va foydalanuvchi yuzini old kamera orqali tanib olishni qo‘llab-quvvatlaydi. Taxminlarga ko‘ra, yangi “yuz"ga ega Siri ushbu qurilmaning bir qismiga aylanadi.

Apple, shuningdek, kuzatuv kameralari va uy xavfsizligi uchun mahsulotlarning yangi turkumini ishlab chiqmoqda.

Kompaniya odatda tasdiqlanmagan mahsulotlar haqida izoh bermaydi.

Biroq yaqinda xodimlar bilan uchrashuvda bosh direktor Tim Kuk kompaniya keng ko‘lamli ish tayyorlayotganini ma’lum qildi: “Men hozircha gapira olmaydigan mahsulot liniyasi — bu ajoyib narsa. Buni tez orada ko‘rasiz. Yoki sal keyinroq. Lekin tomosha qiladigan narsa bo‘ladi”.

Ushbu mahsulotlarning ishga tushirilishi Apple’ning raqobatchilar sa’y-harakatlariga javobi bo‘lishi mumkin: masalan, OpenAI Joni Ayv bilan hamkorlikda sirli sun’iy intellekt qurilmasini ishlab chiqmoqda.

Sem Altmanning so‘zlariga ko‘ra, u “dunyo ko‘rgan eng zo‘r qurilma” bo‘ladi. Garchi loyiha hozircha sir tutilayotgan bo‘lsa-da, tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu ixcham, “atrofdan xabardor” qurilma bo‘lishi taxmin qilinmoqda — uni taqib yurish mumkin emas, lekin u har doim qo‘l ostida bo‘ladi.


Avvalroq Spot Apple AQShda ishlab chiqarishga yana $100 mlrd sarmoya kiritishi haqida yozgandi.

Apple avvalroq AQShga to‘rt yil ichida $500 mlrd sarmoya kiritishga va’da bergan. Yangi $100 mlrd shu summaga qo‘shiladi.