Google “Afzal manbalar” nomli yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda kompaniya blogida e’lon qilindi.

Bu funksiya foydalanuvchilarga qidiruv natijalarining “Asosiy yangiliklar” bo‘limi uchun yangilik saytlari va bloglarni o‘zlari tanlash imkonini beradi.

Yangilik hozircha faqat AQSh va hindistonlik foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘lib, u tanlangan manbalardan kelgan ma’lumotlarni tez-tez ko‘rish uchun natijalarni sozlash imkoniyatini yaratadi.

Qidiruv paytida “Asosiy yangiliklar” bloki yonida yulduzcha shaklida belgi paydo bo‘ladi. Bu belgi orqali sevimli saytlarni tanlash va qidiruv natijalarini yangilash imkoniyati mavjud.

Ba’zi so‘rovlar uchun “Sizning manbalaringizdan” deb nomlangan alohida bo‘lim shakllantiriladi. Bu bo‘limda faqat siz tanlagan nashriyotlarning materiallari to‘planadi.

Google’ning ta’kidlashicha, bu yangilik foydalanuvchilarga yanada tegishli ma’lumotlarni olishda yordam beradi.

Funksiya Search Labs-ning tajribaviy versiyasida taqdim etilgan bo‘lib, sinov ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi to‘rt yoki undan ortiq manbalarni kiritgan.

Yaqin kelajakda “Afzal ko‘rilgan manbalar” AQSh va Hindistondagi barcha ingliz tilida so‘zlashuvchi foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘ladi.


Avvalroq Spot Perplexity SI qidiruv tizimi Google’ga Chrome’ni $34,5 mlrdga sotib olishni taklif qilgani haqida yozgandi.

Bloomberg nashrining xabar berishicha, bir nechta yirik investitsiya fondlari ushbu bitimni to‘liq moliyalashtirishga rozilik bildirgan.