Avvalroq Toshkentda 1-oktabrdan issiqlik va issiq suv tariflarini oshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Veolia Energy Tashkent bosh direktori Sevara Pardaeva 12-avgust kuni xalq deputatlari shahar Kengashining yig‘ilishida issiqlik energiyasi tariflari nima nima uchun qayta ko’rib chiqilishi yuzasidan izoh berdi.
1-maydan boshlab aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari oshirildi, 13-iyundan boshlab esa Toshkent Issiqlik Markazi Veolia Energy Tashkent uchun issiqlik energiyasining ulgurji tarifini oshirdi.
Taʼkidlanishicha, issiqlik ta‘minoti kompaniyasi uchun tarifni qayta ko‘rib chiqish, aslida, issiqlik ishlab chiqaruvchidan yakuniy iste‘molchiga issiqlik yetkazuvchi distribyutor sifatida — tabiiydir. Energiya tashuvchilar narxining o‘sishi quyidagicha bo‘ldi: gaz — 20%; elektr energiyasi — 11%; sotib olinadigan issiqlik — 13%.
Maʼlumotlarga ko‘ra, issiqlik ta‘minoti tarifi atigi 7,1% ga oshirilmoqda — 1 Gkal uchun 664 465 so‘mdan 711 641 so‘mgacha. Aholi uchun tarif 15% ga oshadi — 1 Gkal uchun 121 617 so‘mdan 139 860 so‘mgacha va bu ishlab chiqarish tannarxidan ancha past.
Hozirgi paytda issiqlik ta‘minoti xizmati davlat tomonidan subsidiyalanadi. Amaldagi tarif bo‘yicha 18% iste‘molchilar tomonidan to‘lanadi va 82% davlat subsidiyalari hisobidan qoplanadi.
2025-yilning oktabr oyida tarif oshirilgach, bu mos ravishda 19,7% va 80,3% ini tashkil etishi kutilmoqda.
Davlat strategiyasi 2030-yilgacha issiqlik ta’minotini 100% subsidiyalashni to‘xtatishga qaratilgan. Ushbu strategiya 2021-yilda Veolia Group kompaniyasi bilan imzolangan DXSh to‘g‘risidagi kelishuv asosiga qo‘yilgan.
Aholi uchun tariflarni qayta ko‘rib chiqish har yili 30% miqdorida amalga oshirilishi kerak edi, biroq turli ijtimoiy sabablarga ko‘ra bu jarayon kechikib bormoqda. Faqat 2024-yilda tarifi yil davomida ikki marta 15% dan oshirildi.
Kompaniya uchun tarif o‘zgarishsiz qolib, optimallashtirish jarayonlari hisobiga 2 yil davomida xizmat narxini oshirmasdan ushlab turilgan.
Byudjet muassasalari uchun tarifni 18,8% ga — 1 Gkal uchun 801 963 so‘mdan 952 797 so‘mgacha oshirish rejalashtirilgan. Bu ham energiya resurslari narxining oshishi hamda imtiyozlarning qisqarishi bilan bog‘liq.
Yuridik shaxslar uchun tarifni 40% ga — 1 Gkal uchun 244 497 so‘mdan 342 296 so‘mga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu esa “narxlarni boshqa toifalar bilan bosqichma-bosqich tenglashtirish va bir iste’molchilar guruhi boshqa guruh xarajatlarining bir qismini qoplaydigan kesishuvchi subsidiyalashni kamaytirishga qadam” deb baholandi.
Qo‘shimcha qilinishicha, kelgusida byudjet tashkilotlari va yuridik shaxslar uchun tariflar bosqichma-bosqich tenglashtirilib, yagona o‘rtacha darajaga yaqinlashadi.
“Bu issiqlik energiyasi to‘lovida iste’molchi toifalari o‘rtasidagi nomutanosiblikni kamaytiradi, shahar budjeti yuklamalarini yengillashtiradi va xarajatlarning adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.
Kompaniya tomonidan 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan rejalar ham bayon etildi. Jumladan, 474,13 km eskirgan uchastkalarni ta‘mirlash hamda almashtirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 73,5 km issiqlik tarmoqlarini kapital ta‘mirlash, 21,34 km issiqlik izolyatsiyasini tiklash, 23 ta mahalliy qozonxonani va 13 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish, 669 ta zulfin va 345 ta kompensatorni almashtirish rejalashtirilgan.
Issiq suv va issiqlik tariflari oxirgi marta 2024-yilning 15-noyabrida oshirilgan. Jismoniy shaxslar uchun narxlar 1 Gkal uchun 121,6 ming so‘mgacha (QQSsiz), yuridik shaxslar uchun — 1 Gkal uchun 244,49 ming so‘mgacha (QQSsiz) ko‘tarildi. Bu o‘tgan yili aprel oyidan keyin narxlarning ikkinchi oshishi bo‘ldi.
Avvalroq, Spot Veolia Energy Tashkent bosh direktori — poytaxt issiqlik ta’minoti tizimi operatori Sevara Pardayeva isitish va issiq suv tariflari oshirilishining kechiktirilishi kelgusida ularning yanada keskin oshishiga olib kelishini ma’lum qilgani haqida yozgandi.