O‘zbekistonda 2025-yili paxta yig‘im-terim mavsumida 1 tonna paxtani mashinalarda terib olish xizmat tariflarining tavsiyaviy miqdorlari ishlab chiqildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Ushbu tavsiyaviy miqdor o‘rtacha xizmat bahosi yoqilg‘isiz 1 372 925 so‘mni tashkil etmoqda.
Mazkur tavsiyaviy miqdorni ishlab chiqishda:
- paxta terish mashinalari turli tadbirkorlarga tegishli ekanligi sababli, ularga bozorda monopol mavqega ega emasligi;
- ushbu texnikalarning ish unumdorligi, qiymati turlicha ekanligi;
- texnikalar kredit mablag‘lari hisobiga xarid qilingani yoki lizingga olinganligi kabi omillar hisobga olingan.
“Shu sababli xizmat tariflari har bir aniq holatda xarajatlar hamda talab va taklifdan kelib chiqqan holda o‘zaro shartnomalarda belgilanishi maqsadga muvofiq”, deyiladi xabarda.
Tadbirkorlar eski qarzini yangi hosil hisobidan bir-biriga ulab yopmoqda. Ushbu vaziyatdan chiqib ketish uchun 2022−2023-yillar uchun paxta xomashyosiga berilgan imtiyozli kredit 3 marta uzaytirildi, o‘tgan yilda paxta narxini tushirish uchun tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya berildi.
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jahon bozorida paxta narxining keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda tolani qayta ishlash quvvati yetarli bo‘lmagan ayrim “uddaburonlar” davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya beriladi. Korxonalar o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirsa yoki xarid qilsa, xomashyo qiymatining 10 foizi qoplab beriladi.