O‘zbekistonda ta’lim to‘lovlariga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz qo‘llash tartibi o‘zgardi. Bu bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan professional va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi tegishli nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, Soliq kodeksiga muvofiq fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari o‘zi, farzandlari hamda 26 yoshga to‘lmagan eri yoki xotinining ta’lim olishiga yo‘naltiriladigan to‘lovlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.
Amaldagi tartibda ota-onalar uchun yosh cheklovi mavjud edi — ular 26 yoshgacha bo‘lgan farzandlarining kontrakt to‘lovlari uchun daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz olishi mumkin edi. Yangi tartib esa ushbu cheklovni bekor qiladi.
Bundan tashqari, o‘zgartirishlar bilan shartnoma to‘lovlari o‘zi, farzandlari yoki eri va xotinining o‘qishi uchun to‘lansa, soliq chegirmasi jismoniy shaxs ta’lim oluvchiga, uning ota-onalari hamda agar o‘qish uchun to‘lov ta’lim oluvchi 26 yoshgacha amalga oshirilgan bo‘lsa xotini yoki eriga ham beriladi.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
2023-yilning may oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan yoshidan qat’i nazar farzandlarining ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi.
Soliq qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar OTMlarda ta’lim oluvchi farzandlariga kontrakt to‘lovlarini o‘z oylik ish haqidan to‘lasa, 12% JSHODSni qaytarib olishlari mumkin. Bu tartib o‘zi ishlab, kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi. Shu bilan birga, o‘qish uchun banklar tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlariga (foizlari bilan) qoplashga yo‘naltirilgan daromadlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Avvalroq Spot talabalar turar joyi uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega yoshlar talabalar turar joyiga qabul qilinadi.