Farg‘onada bojxona posti boshlig‘i pora bilan ushlandi, deb xabar berdi DXX matbuot xizmati.
Viloyatdagi chegara-bojxona postlaridan birining boshlig‘i fuqaroning Qirg‘izistondan olib kelgan 80 dona iPhone 16 ni tegishli rasmiylashtiruvlarsiz bojxona postidan noqonuniy o‘tkazib beradi. Buning evaziga $5 ming va 1 dona iPhone 16 Pro talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda bojxona organlari podpolkovnigi ushbu moddiy qiymatliklarni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bu kabi holat Namangan viloyatida ham sodir bo‘lgandi. Viloyat vojxona boshqarmasiga qarashli Uchqo‘rg‘on chegara bojxona posti inspektori pora bilan ushlangandi. U 57 dona telefonni ro‘yxatdan o‘tkazib berish hamda deklaratsiyasiz olib kirilgan kiyimlarga nisbatan chora qo‘llamaslik evaziga jami $6000 dan pul ortiq talab qilgan.
Avvalroq, Spot Navoiy chegara postiga avtomobillarni skanerlovchi inspeksion ko‘rik majmuasi o‘rnatilayotgani haqida yozgandi. Bunda haydovchi va yo‘lovchilarning avtotransport salonidan tushishlari shart emas, qurilma sanitar himoya hududini talab etmaydi hamda salomatlikka ziyon yetkazmaydi.