Avvalroq Markaziy bank mijozlar bilan munosabatlar sohasida banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi. Unda jismoniy shaxslar uchun kredit olishda majburiyatlar bilan bog‘liq xatarlar ko‘rsatiladigan chek-listlarni joriy etish taklif etilmoqda.

Regulyatorning qayd etishicha, bugungi kunda ayrim banklar tomonidan mikroqarz olishda iste’molchi arizasida ko‘rsatilgan summadan ortiq bo‘lgan miqdordagi mikroqarz olishga undash hamda rag‘batlantirish holatlari uchramoqda.

Xususan, joriy yilning aprel-iyun oylarida banklar tomonidan 1,1 mln holatda iste’molchilarga mikroqarz olish bo‘yicha dastlabki so‘rovida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lgan summadagi mikroqarz ajratilgan.

Markaziy bank ushbu agressiv kreditlash iste’molchida o‘z imkoniyatlarini tahlil qilmasdan yoki kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan risklarni inobatga olmasdan zaruriyat bo‘lmasada qo‘shimcha qarz mablag‘larini olishga undayotganini qayd etdi. Natijada, keyinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolar kredit to‘lovlarini to‘lashda muammolarga duch kelmoqda.

Buyuk Britaniyaning FCA tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan qo‘llanmaga ko‘ra, korxona mijozni o‘z so‘rovidan yuqori summadagi tartibga solinadigan kredit shartnomasini tuzishga rag‘batlantirishga, unga rag‘bat yoki imtiyoz berishga yoki shunday qaror qabul qilishga undashga haqli emas.

Shuningdek, regulyator ayrim banklarning muddatidan oldin kredit to‘lovlarini undirishiga e’tibor qaratdi. Ular ayrim hollarda shartnomada yoki kreditni qaytarish jadvalida belgilangan sana kelmasidan oldi, “bankning operatsion kuni ochilgani"ni vaj qilib kredit to‘lovlarini undirishni boshlaydi.

“Banklarning ichki dasturiy tizimlari faoliyati bilan bog‘liq masalalar bankning o‘z ichki ishi bo‘lib, ushbu dastur faoliyati qarz oluvchi va bank o‘rtasida tuzilgan shartnomadan kelib chiqqan holda tashkillashtirilishi kerak, aksincha emas”, — deyiladi xabarda.

Markaziy bank ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga berilayotgan ijtimoiy nafaqa va to‘lovlarning banklar tomonidan kredit qarzdorligini so‘ndirishga yechib olinayotgani holatlariga ham to‘xtaldi.

Bu esa mablag‘larni maqsadli ishlata olmayotganligi natijasida mazkur toifadagi fuqarolarni moliyaviy qiyinchiliklarga olib kelmoqda. Natijada, ularning ijtimoiiy ahvoli va sog‘liqlarining yomonlashayotganligi yuzasidan haqli e’tirozlari paydo bo‘lmoqda.

Joriy yilning iyul oyida regulyator ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam mablag‘lari fuqarolar roziligisiz avtomatik tarzda yechib olinishini insofsiz amaliyot sifatida baholab, kredit tashkilotlarini bunday harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mikroqarzlar bo‘yicha stavkalar keskin ko‘tarilib, 36% dan oshdi. Bir vaqtning o‘zida to‘rtta bank 40%lik mikroqarz taklif qilmoqda. Bir yarim oy ichida fuqarolar uchun kreditlar qimmatlashdi, biznes uchun arzonlashdi.

Avvalroq Spot Markaziy bank ikki oyda 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi. Shuningdek, Imkon Finans mikromoliya tashkilotida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun ayrim operatsiyalari uch oyga cheklandi.